Sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ TA’LIMINI RIVOJLANTIRISHGA OID QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

13-may 2022-yil
image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 11 maydagi “2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-134-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar va mahalla raislari mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingini (keyingi o‘rinlarda – reyting) shakllantirsin va e’lon qilib borsin.

Belgilansinki:

reyting doirasida har o‘quv yili yakunida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha baholab boriladi;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish uchun tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlari rahbarligida maxsus komissiyalar tuziladi;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;

reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

2. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Mudofaa vazirligi (B.Kurbanov), Milliy gvardiya (R.Djurayev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Sa’dullayev), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.Xodjimatov) boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:

ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari, mashhur san’atkor, sportchi va aktyorlar, taniqli blogerlarni jalb qilgan holda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar, motivatsion suhbatlar va mahorat darslarini tashkil etsin;

maktab o‘quvchilari uchun “Vatanparvarlik” darslarini va poligonlarda 2 kunlik harbiy dala mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda ularni chavandozlar maktablariga jalb qilish choralarini ko‘rsin, harbiy qism ofitserlari, serjantlari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Vatan tinchligiga barchamiz mas’ul!”, “Vatan ozodligi – baxt garovi!”, “Vatanga xizmat – oliy fazilat” mavzularida davra suhbatlarini tashkil qilsin;

o‘quvchilarning me’moriy va tarixiy obidalar, madaniyat muassasalari hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga tashrifini uyushtirsin;

o‘quvchilarning qiziqishlari, talab va istaklaridan kelib chiqib sport musobaqalari, konsert tomoshalari va san’at asarlari ko‘rgazmalarini o‘tkazsin;

buyuk ajdodlarimizning ilmiy va madaniy merosi, ularning ibratli hayot yo‘li hamda jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissalariga oid targ‘ibot ishlarini olib borsin, ulug‘ allomalarning tug‘ilgan sanalariga bag‘ishlangan ilmiy haftaliklar, seminar va anjumanlar tashkil etsin;

hayotiy misollar asosida ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi o‘rni, majburiyati va mas’uliyati haqida tushuntirish ishlarini olib borsin, ularni qiziqtirgan va xavotirga solayotgan masalalar bo‘yicha ochiq muloqotlar hamda o‘quv-seminarlarni tashkil etsin.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (T.Xudaybergenov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda har chorakda namunali o‘quvchilarning ota-onalarini rag‘batlantirish, ularga “minnatdorchilik xati”ni topshirish va sovg‘alar taqdim etish, shuningdek, faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

3. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov):

2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi ichki tartib va odob-axloq qoidalarini qayta ko‘rib chiqsin va ularda maktab va ota-onaning bola tarbiyasidagi o‘rni va mas’uliyatini, ularning ta’lim va tarbiya jarayonidagi ishtiroki hamda majburiyatlarini belgilasin;

umumiy o‘rta ta’lim muassasasidagi ichki tartib va odob-axloq qoidalarini o‘zining rasmiy veb-sayti hamda “my.maktab.uz” axborot tizimida joylashtirsin;

2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, maktab o‘quvchilari ota-onalarini “my.maktab.uz” axborot tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ichki tartib va odob-axloq qoidalari bilan tanishtirib borsin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy hamda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasini tasdiqlasin.

4. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yaxshilash, kompyuter sinf xonalarini zamonaviy texnikalar va boshqa vositalar bilan ta’minlash uchun:

Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda 2022 yil 1 sentyabrga qadar 2023-2024 yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-2024 yillarda maktablarda ma’nan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha dasturni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti hisobidan 200 milliard so‘m, mahalliy byudjetlar hisobidan 200 milliard so‘m miqdorda mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida Internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan yuqori bo‘lganlarda – kamida 100 Mbit/s bo‘lishini ta’minlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash uchun zarur mablag‘larni ajratsin;

Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) 2023 yildan boshlab har yili 1 avgustga qadar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’nan eskirgan kompyuter texnikasi to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etib borsin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2024 yildan boshlab har yili Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlash bo‘yicha moliyalashtirish manbalarini aniqlasin.

5. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda:

2022 yil 1 sentyabrga qadar fan o‘qituvchisi va maktab direktori lavozimlari uchun tanlovda ishtirok etishga onlayn ariza topshirish va nomzod haqida ma’lumotlarni joylashtirish imkonini beradigan maxsus elektron portalni yaratsin;

maxsus elektron portalda amaldagi hamda istiqbolda kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj, shuningdek, vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va fanlar kesimida joylashtirish orqali milliy kadrlar zaxirasini shakllantirsin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) 2022 yil 1 avgustga qadar o‘z axborot tizimlarining “Elektron hukumat” idoralararo integratsiya platformasi orqali maxsus elektron portal bilan integratsiyasini ta’minlasin.

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Qurilish vazirligi (B.Zokirov) hamda Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) 2022-2026 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash hisobiga 1,2 million o‘quvchi o‘rni miqdoridagi yangi quvvatlar yaratilishini ta’minlasin.

2022-2026 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, asosiy prognoz ko‘rsatkichlarga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash – O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida ajratiladigan mablag‘lar, Davlat byudjeti mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining kreditlari va grantlari, homiylik xayriyalari, xususiy sheriklar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida 2022-2026 yillarda umumiy o‘rta ta’limda 700 ming o‘quvchi o‘rni miqdoridagi yangi quvvatlar yaratilishini ta’minlasin.

7. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.Toshkulov) bilan birgalikda 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:

boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga o‘quv rejaga kiritilgan fanlar doirasida mehnat bozorida mavjud bo‘lgan turli kasblar to‘g‘risida tushunchalar berib borsin;

kasb egalarining mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida 5-7-sinf o‘quvchilari uchun turli uchrashuv va sayyor darslarni tashkil etsin;

7-9-sinf o‘quvchilarining kasbga moyilligini aniqlash bo‘yicha tashxislar o‘tkazib borsin hamda natijalaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish korxonalari, hunarmandchilik markazlari va boshqa tashkilotlarga ekskursiyalar tashkil qilsin;

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati va o‘sish nuqtalariga muvofiq maktab o‘quvchilari uchun ustuvor kasblarni belgilasin hamda 10- va 11-sinf o‘quvchilarini ushbu kasblarga, shu jumladan, kasb-hunarga o‘qitish markazlari, mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari, qisqa muddatli kurslar ochilgan ta’lim muassasalarida o‘qitish choralarini ko‘rsin.

Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov), Qurilish vazirligi (B.Zokirov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) 2022 yil 1 avgustga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalari hamda kasb-hunar amaliyoti xonalari namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab tasdiqlangan namunaviy loyihalar asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining texnologiya fani ustaxonalarini hamda kasb-hunar amaliyoti xonalarini bosqichma-bosqich tashkil etish va jihozlash choralarini ko‘rsin.

8. 2023 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari har 11 yilda kamida bir marta majburiy tarzda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi. Bunda, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari muddatdan oldin attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan shartnoma asosida o‘tishi mumkin;

b) umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari quyidagi tartibda attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi:

faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – amaldagi akkreditatsiya sertifikatining muddati tugaganidan so‘ng 11 yil muddatga;

yangi tashkil etiladigan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari – ular tashkil etilgan paytdan boshlab (belgilangan tartibda litsenziya olgan paytdan boshlab) 11 yil muddatga;

v) davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringi joriy etiladi. Bunda:

monitoring natijalariga ko‘ra ta’lim sifatida pasayish kuzatilgan davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining faoliyati alohida rejaga muvofiq joyiga chiqqan holda o‘rganiladi;

joyiga chiqib o‘rganish natijasi bo‘yicha davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti uchun faoliyat samaradorligini yaxshilash bo‘yicha “yo‘l xarita”si ishlab chiqiladi;

“yo‘l xarita”sida belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida va lozim darajada bajarilishi uchun umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga tuman (shahar) hokimliklari va xalq ta’limi bo‘limlari ko‘mak ko‘rsatadi;

g) uzluksiz uch yil davomida faoliyat samaradorligi darajasi yuqori bo‘lgan davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tekshiruvlar tashkil etishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilinadi (potensial korrupsiogen holatlar bundan mustasno).

9. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.Tashkenbayev) va Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) 2022 yil 1 oktyabrga qadar:

davlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida xavf-xatarlar tahliliga asoslangan ta’lim sifati monitoringini amalga oshirish tartibini;

umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining faoliyatini ichkiva tashqi baholashdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Davlat test markazi (M.Karimov) Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar 2024 yildan boshlab umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari hamda kasb-hunar maktablari bitiruvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasini Davlat test markazi tomonidan imtihonlar shaklida o‘tkazishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Belgilab qo‘yilsinki, Xalq ta’limi vazirligining:

ta’lim berishga mo‘ljallangan binolari va inshootlarini ta’lim sohasidan tashqari boshqa maqsadlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi taqiqlanadi;

ta’lim berishga mo‘ljallangan, bo‘sh turgan binolari hamda inshootlarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga berish ular joylashgan hududning kamida 5 yillik demografik ko‘rsatkichlarini inobatga olib, xalq ta’limi vazirining roziligini olgan holda amalga oshiriladi.

12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:

xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlar rahbarlariga byudjetdan tashqari mablag‘larini mustaqil tasarruf etish huquqi beriladi;

2025 yil 1 yanvarga qadar xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi;

qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishdan tushgan byudjetdan tashqari mablag‘larni yashirgan, shuningdek, xodimlarga norasmiy ish haqi to‘lagan xalq ta’limi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning rahbarlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga:

Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan tasdiqlangan hududiy dasturlarda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash;

har chorakda hududiy dasturda belgilangan vazifalar ijrosini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyat Kengashlari sessiyalarida muhokama etib borish hamda Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha milliy kengashga bu haqida axborot kiritilishini ta’minlash;

hududdagi xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularning infratuzilmasini yaxshilash;

xalq ta’limi muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash, ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani (trotuarlar, yo‘llar va boshqalar) zarur holatda saqlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini amalga oshirish;

xalq ta’limi muassasalarini elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi, zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari va boshqa kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta’minlash;

tumanlar (shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq ta’limi muassasalarini o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga o‘z vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, videokuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish;

xalq ta’limi muassasalari hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash;

umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini rivojlantirish uchun investitsiyalarni va homiylik yordamini jalb qilishga ko‘maklashish;

xalq ta’limi muassasalariga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini belgilangan tartibda eshitish;

o‘qituvchi kasbi maqomi va obro‘sini oshirish, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, pedagoglarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik va faoliyatiga aralashmaslik;

o‘quvchilar ongiga vatanparvarlik tuyg‘ularini va milliy qadriyatlarni singdirish, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-odatlar, buyuk ajdodlarimiz ma’naviy merosini o‘rganishlari uchun sharoitlarni yaratishda sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlarni keng jalb etish;

soha xodimlari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagoglarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi shaxsiy hissasi, o‘quvchilarni har tomonlama yetuk avlod etib tarbiyalashdagi mas’uliyatlarini his etishlari uchun targ‘ibot va tushuntirishlar olib borish;

rahbar va pedagog kadrlar tomonidan ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni, sohada joriy qilinayotgan yangiliklarni yanada kengroq targ‘ib etilishi, o‘quvchilarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishlari uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning bilimi va tafakkurini oshirish maqsadida xalq ta’limi yo‘nalishidagi bosma nashrlarni ta’lim muassasalariga yetkazib berishni ta’minlash vazifalari yuklansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

15. Xalq ta’limi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib xalq ta’limi vaziri B.O.Saidov, moliya vaziri T.A.Ishmetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 11 may

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu