Sayt test rejimida ishlamoqda

JORIY YILDA RESPUBLIKAMIZNING 42 TA MAKTABIDA INKLYUZIV TAʼLIM JORIY QILINIB, ULARGA 76 NAFAR IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALAR QABUL QILINDI

15-sentabr 2021-yil
image

Mamlakatimiz kelajagi - oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasi uchun barcha shart-sharoitlar va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, alohida eʼtiborga muhtoj boʻlgan bolalarning taʼlimi va ijtimoiy himoyasi muhim ahamiyatga ega soha sanaladi.

Baʼzi sabablarga koʻra rivojlanishida muammolari bor bolalarning umumiy yoki ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida taʼlim va tarbiya olishlari, ijtimoiylashuvi va jamiyat hayotiga integratsiyalashuvi doimiy davlat eʼtiboridagi masalalardir.

Hukumatimizning qator qonun hujjatlarida jamiyatimizning bir boʻlagi boʻlgan alohida yordamga muhtoj bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, sogʻlom bolalar qatoridan oʻrin olib oʻz qobiliyati, imkoniyatlarini koʻrsata olishga, maʼnaviy komil topishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Jumladan, bugungi kun talablari asosida inklyuziv taʼlimni joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi tahriridagi Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga inklyuziv taʼlim tushunchasi kiritildi.

Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish hamda ularga koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasini 2020-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

2021/2022 oʻquv yilida tajriba-sinov tariqasida shaharlarda hamda Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan umumtaʼlim maktablarida jami 42 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilindi. Ushbu maktablarning inklyuziv sinflariga 76 nafar oʻquvchi qabul qilindi.

Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazida Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi tashkil etildi. Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi tomonidan rahbar xodimlar, psixologlar va oʻqituvchilar uchun “Inklyuziv taʼlimning sifat va samaradorligini aniqlash mezonlari”, “Alohida ehtiyojlari boʻlgan bolalarga inklyuziv sharoitda taʼlim-tarbiya berishda innovatsion texnologiyalarni qoʻllash” nomli metodik qoʻllanmalar hamda inklyuziv sinflar uchun 17 nomda, korreksion 1-sinflar uchun 28 nomda adaptiv dasturlar, inklyuziv sinflarda korreksiya ishlarini olib borish boʻyicha “Eshitamiz, koʻramiz, chiroyli gapiramiz” nomli oʻquv qoʻllanma ishlab chiqildi.

 

Hukumatimiz tomonidan rivojlanishida turli nuqsonlari boʻlgan hamda davolanish va sogʻlomlashtirishga muhtoj boʻlgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini taʼminlovchi saʼy-harakatlar, korreksion va reabilitatsion ishlar natijasida imkoniyati cheklangan bolalarni inklyuziv taʼlim shaklida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga qaytarilishi oshadi, degan umiddamiz.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu