Sayt test rejimida ishlamoqda

“Umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalar” mavzusida tashkil etilgan o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda

26-aprel 2024-yil
image

Ayni damda poytaxtimizda “Umumta’lim maktablarida tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, tizimli muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalar” mavzusida tashkil etilgan o‘quv seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, ziyolilar, mamlakatimizning barcha tuman va shaharlaridan kelgan pedagoglar ishtirok etishdi.

Xayriddin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi:

Bugungi internet va sun’iy intellekt asrida yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish oson yumush emas - buni tan olish kerak.  Shunday murakkab davrda yosh avlodni o‘zlikni anglagan, ma’nan yetuk hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash juda muhim va bu jarayonda ustozlarimizning o‘rnini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. 

Yoshlarimizni ma’naviy tahdidlardan asrash, ularni kamolotga yetkazishda eng katta mas’uliyat aynan ustozlarimiz yelkasiga yuklanadi. Zero, ta’lim tarbiya bilan chambarchars bog‘liq jarayondir.

Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri:

Bugun yoshlarning ongi va qalbi uchun kurash ketmoqda va bu murakkab davrda tarbiya masalasiga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarur.

Bugungi seminarimizdan ko‘zlangan maqsad ham shu - biz bu orqali maktablardagi tarbiyaviy ishlarni zamonaviy metodlarda tashkil etish, bunga mas’ul rahbarlarning ish uslubi, malakasini oshirishni niyat qilganmiz.

Zero, Yangi O‘zbekiston bolalari milliy qadriyatlarga asoslangan holda zamonaviy tarbiyalanishi zarur. Eskicha yondashuvdagi shunchaki og‘zaki pand-nasihat emas, ilmiy, kompetensiyaviy tarbiya kerak.

Shuningdek, tadbir davomida vazirlik tomonidan tayyorlangan “Ota-ona – murabbiy” kitobi taqdimoti ham tashkil etildi.

Ota-onalar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, ularga farzandlar tarbiyasida ko‘maklashish maqsadida tayyorlangan ushbu uslubiy-metodik qo‘llanmada yoshlarni turli buzg‘unchi mafkuralardan himoya qilish, bolalarimizda o‘zini o‘zi himoya qilish ko‘nikmasini shakllantirishga doir muhim tavsiyalar o‘rin olgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu