Sayt test rejimida ishlamoqda

“Vazir soati”da muhim masalalar muhokama etildi

23-aprel 2024-yil
image

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova boshchiligida sohada olib borilayotgan qator vazifalar ijrosini taʼminlash, xususan maktab taʼlimini rivojlantirish, o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘rgatish tizimi va sifatini oshirish, malaka toifa sinovlarini o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik masʼullari hamda hududiy boshqarmalar boshliqlari ishtirok etdi.

Vazir Hilola Umarova kun tartibidagi masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tar ekan, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizdagi qator maktablarda o‘quvchilarni 27 ta turdagi kasb-hunarga o‘rgatish tizimi joriy etilganligi hamda bu tashabbus o‘z samarasini berayotganiga urg‘u berib o‘tdi. Vazirlik hamda hududiy masʼullarga bu borada amalga oshirilayotgan ishlar darajasini yana-da jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.

Jumladan, kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ish beruvchi yirik korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqish, hududiy masʼullar va maktab direktorlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish, 2024-2025-o‘quv yilidan o‘quvchilarning tanlovi asosida belgilangan maktablarda “Biznes va kasb-hunarga o‘qitish” yo‘nalishini joriy etish bo‘yicha galdagi vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda joriy yilda o‘tkazilayotgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining hududiy bosqichlarini tashkil etish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha zarur choralar haqida fikr yuritildi.

Shuningdek, ayni kunlarda o‘tkazilayotgan malaka toifa sinovlarini namunali tashkil etish, jarayonlarni adolatli va shaffof o‘tkazish bo‘yicha masʼullar oldida turgan muhim vazifalar aytib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida vazirlik masʼullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu