Sayt test rejimida ishlamoqda

Xalqaro baholash tajribalari, milliy baholashdagi yondashuvlar

8-aprel 2024-yil
image

Xabaringiz bor, bugungi kunda O‘zbekiston bir qator xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etib kelmoqda. 2021 yilda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha PIRLS xalqaro tadqiqoti, 2022 yilda 15 yoshdagi o‘quvchilarning matematika, o‘qish, tabiiy fanlar va kreativ fikrlash bo‘yicha maktabda egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olishlarini baholovchi PISA xalqaro tadqiqoti xalqaro talablar asosida tashkil etildi.

O‘z navbatida taʼkidlash o‘rinliki, ushbu tadqiqotlar ishtirokchi mamlakatlarning milliy baholash tizimlaridan tubdan farq qiladi. Yaʼni turli mamlakatlarda milliy taʼlim tizimida milliy jihatlar, geografik joylashuv va boshqa omillarni inobatga olgan holda o‘qitish va baholashda turli yondashuvlardan foydalaniladi.

Tabiiyki, xalqaro baholash natijalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri milliy baholashlar bilan solishtirish - bu turli o‘lchovlarni bir xil holatga keltirishga qiyoslash, yoinki taqqoslashlar asosida xulosalar chiqarish noo‘rin hisoblanadi.

O‘quvchilarni maktab taʼlimida, kundalik yoki maʼlum davriylikda (choraklik, yillik) baholash jarayonida muallim tomonidan turli yondashuvlar asosida baholash dunyo tajribasi hisoblanadi. O‘quvchining fanni o‘zlashtirishi, u duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etishi, kelgusida o‘qiyotgan faniga qiziqishini orttirish maqsadida muallimlar tomonidan baʼzan «motivatsiya» beruvchi o‘quvchining mavjud bilimiga nisbatan yuqoriroq baholash, kelgusida ushbu o‘quvchining yana-da kuchliroq intilishiga imkon yaratadi.

Xalqaro baholash dasturlarida esa, barcha ishtirokchi mamlakatlar o‘quvchilari bir xil mezonlar asosida baholanadi. Shu o‘rinda yuqoridagi fikrimizning davomi sifatida aytish lozimki, xalqaro baholash dasturlaridagi tajribalar milliy darajadagi muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda dunyo tajribasi asosida o‘qitish va baholash tizimini takomillashtirish imkonini beradi.

Singapur, Koreya, Xitoy, Finlyandiya va boshqa xalqaro baholash dasturlarida yuqori natijalarga erishgan mamlakatlar, ushbu dasturlarda ishtirok etib, milliy taʼlim tizimi, o‘quvchilar bilimini baholash, taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish borasida ko‘plab islohotlarni amalga oshirgan, bugungi kunda boshqa mamlakatlar eʼtiborini qozongan mamlakatlar hisoblanadi.

Shunday ekan, O‘zbekistondagi taʼlim muhiti, o‘quvchilarning fanlardan yutuqlarini baholashda xalqaro baholash dasturlari mezonlari bilan o‘lchash emas balki, orttirilgan tajribalar asosida milliy baholash tizimini takomillashtirishga ko‘proq eʼtibor qaratishimiz muhim sanaladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu