Sayt test rejimida ishlamoqda

2023-yil sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

1-aprel 2024-yil
image

2024-yil 1-aprel kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi faoliyatining 2023-yilgi yakuniy sarhisobi hamda joriy yilda vazirlik tizimidagi pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Radjabov, vazir maslahatchisi Azizbek Turdiyev hamda vazirlik masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, 2023-yilda maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi faoliyatiga oid jami 20 ta qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.

2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 33 942 taga yetkazildi. 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga yetkazildi. Davlat-xususiy sherikchilik asosida 7 100 oʻrinli 71 ta, oilaviy shaklda 116 998 oʻrinli 4 402 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etildi.

MELQO baholash tizimi asosida Respublikaning 100 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tanlab olinib, baholash oʻtkazildi.

6 598 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 92 ta pedagogika kollejlariga 36 nomdagi oʻquv-metodik adabiyotlar va didaktik materiallar yetkazib berildi.

Respublikadagi barcha (100 foiz) davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar uchun yagona mavsumiy taomnoma joriy etildi.

Maktablar soni 10 163 taga, oʻquvchilar soni 6 476 091 nafarga yetdi. 37 ta maktab filiallariga umumiy oʻrta taʼlim maktabi maqomi berildi. Maktablarning
1-sinfiga  689 726 nafar bolalar  qabul qilindi. 974 778 nafar bitiruvchiga (9- va 11-sinf) elektron shahodatnoma berildi, 11-sinf bitiruvchilarining 11 879 nafari oltin medal va 2 050 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.

Maktab bitiruvchilarning OTMga kirishdagi oʻrtacha bali 77,1 ballga yetkazildi (2022-y. — 76,3), shundan 77 foiz (2022-y. — 70) davlat granti oʻrinlarini joriy yil bitiruvchilari egalladi.

Masofadan yoki “bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari joriy etilishi (kengaytirilishi) natijasida:

974 778 nafar bitiruvchiga (9- va 11-sinf) elektron shahodatnoma berildi (yangi xizmat), 75 193 nafar oʻquvchi maktabdan-maktabga koʻchirildi (yangi xizmat), 54 772 nafar fuqaroga shahodatnoma dublikati berildi (2022-y. – 22 812), 1-sinfga oʻquvchilarni masofadan qabul qilish tizimi 1 160 ta maktabga tatbiq etildi (2022-y. – 823 ta).

500 ta maktabda Prezident maktablarining baholash tizimi, 135 ta maktabda tanlov fanlari joriy etildi. “Qizil” toifaga kiritilgan maktablar soni 1 526 tadan 404 ta kamaydi. Nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari soni 449 taga yetkazildi.

5 ta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida jami 13 ta medal, boshqa xalqaro olimpiadalarda 52 ta medal qoʻlga kiritildi. Oʻzbekiston 2026-yilda eng nufuzli Xalqaro kimyo va Xalqaro informatika olimpiadalariga mezbonlik qilish huquqini qoʻlga kiritildi.

Maktablarga 500 nafar xorijlik mutaxassislar jalb etildi. Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida joriy yilning noyabr oyida 30 nafar maktab direktori malakasi oshirildi. Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti raisligi doirasida 7-“Taʼlim vazirlari uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Uzoq muddat (gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya kasalligi boʻyicha) davolanishga muhtoj boʻlgan bolalar uchun ta hududda (2022-y. — 1) “Mehrli maktab” faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 1 172 nafar bolalar taʼlim-tarbiya bilan qamrab olindi.

Maktablarda 1-11-sinf oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish boʻyicha yangi “Kasbga yoʻnaltirish tizimi” joriy etildi.

Har bir tuman (shahar)da bittadan, jami 208 ta maktabda
17 082 nafar
(8 454 nafari qizlar, 49,5 foiz) 10-sinf oʻquvchilariga 3 ta yoʻnalishda kasb-hunar oʻrgatish joriy etildi.

Birinchi Markaziy Osiyo xalqaro eko-oromgohi tashkil etildi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda Oʻzbekiston professional taʼlim tizimida islohotlar va zamonaviylashtirish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

500,4 ming nafar pedagoglarning (226,4 ming nafari oflayn, 229,4 ming nafari onlayn) malakasi oshirildi. Malaka sertifikatiga ega oʻqituvchilar soni 37 844 nafar (shundan 32 843 nafari yuqori darajadagi sertifikatga ega)ni tashkil etadi.

Namangan viloyatida Oʻzbekistonda ilk marotaba “Bolalar sayyohlik” bazasi ochildi.

563 ta maktabda qurish-taʼmirlash amalga oshirildi va qoʻshimcha 118,6 mingta yangi oʻquv oʻrinlari yaratildi. Mavjud 114,8 ming oʻrinli binolar mukammal taʼmirlandi. Mazkur maqsadlar uchun 3,0 trl. soʻmga yaqin mablagʻlar yoʻnaltirildi.

1 797 ta taʼlim muassasalariga qayta tiklanuvchi quyosh elektr panellari va quyosh suv isitish qurilmalari oʻrnatildi. Ichimlik suvi tashib keltiriladigan 53 ta umumtaʼlim maktablari uzluksiz toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Bu yil respublika miqyosida vazirlik tizimidagi 83 ta taʼlim muassasalarida PISA, 210 ta taʼlim muassasalarida esa TALIS tadqiqotlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda joriy yilda maktabgacha, umumtaʼlim va maktabdan tashqari taʼlim muassasalari pedagoglarini attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlari xususida ham soʻz bordi.

Taʼkidlanganidek, 2024-yil 1-yanvardan boshlab oʻqituvchilarga toifa berish bevosita maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Vazirlikning oʻz tizimidagi taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazishi, mazkur tizimga zamonaviy va kreativ baholash usullari va metodikalarining tatbiq etilishiga, pedagoglarning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi, shuningdek pedagogik mahoratini aniqlashning variativ texnologiyalarini sinab koʻrish imkoniyatini beradi.

Malaka toifasini olish boʻyicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda oʻtkaziladi va 100 ballik tizimda baholanadi. Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti boʻyicha bilim darajasi (80 ball), ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratini (20 ball) baholash tartibi joriy qilinmoqda.

Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) oʻtkaziladi. Birinchi bosqichda pedagoglarning mutaxassislik fani boʻyicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari, ikkinchi bosqichida esa pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi. Toifa berish jarayonlariga tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili minimallashtirilgan.

Bugungi kunda umumtaʼlim maktablarida jami 525 ming 737 nafar pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Ularning 53 ming 914 nafari (10,3 foizi) – oliy, 101 ming 751 nafari (19,4 foizi) – birinchi, 126 ming 759 nafari (24,1 foizi) – ikkinchi malaka toifali, 177 ming 122 nafari (33,7 foizi) – mutaxassis lavozimiga ega, 66 ming 191 nafari (12,6 foizi) – toifasiz (oʻrta maxsus maʼlumotli).

2025-yil 1-yanvarga qadar malaka toifalarini berish tizimini vakolatli xorijiy tashkilotlarning akkreditatsiyasidan oʻtkazish orqali pedagog kadrlarga xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda, xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70 foiz miqdorida qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Hozirda pedagoglarga malaka toifasini berishning yangi tartibi va pedkadr.uzedu.uz - elektron platformasi ishlab chiqildi.

Soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglarni jalb qilgan holda malaka sinovlari formati (fan mazmuni, tarkibi, savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt meʼyori) baholash mezonlari ishlab testologi meʼyorlari asosida ishlab chiqildi.

Belgilangan mezonlari asosida 42 ta fandan uchta tilda (oʻzbek, rus, qoraqalpoq) 30 mingga yaqin nazorat sinov materillari tayyorlandi.

Bugungi kunda attestatsiyada ishtirok etish uchun 243 ming 541 nafar pedagoglar onlayn ariza topshirib, ularning 202 ming nafaridan ortigʻi ishtirok etishi kutilmoqda.

Toifa berishning yangi tizimini ishlab chiqishda qator, xususan BAA, Singapur, Rossiya, Estoniya, Belorussiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlandiya, Gonkong, Hindiston kabi xorijiy davlatlar ish tajribasi oʻrganib chiqildi.

Malaka sinovlari joriy yilning 15-aprelidan boshlanishi rejalashtirilgan boʻlib aprel-may oylarida barcha hududlarda oʻtkaziladi. Buning uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida joylashgan taʼlim tashkilotlari, boshqa tashkilotlarning katta sigʻimdagi binolarida kompyuter xonalari va 1 900 ta kompyuter tayyor holatga keltirildi. Attestatsiya natijalari QR-kod qoʻyilgan elektron shakldagi pedagoglarning shaxsiy kabinetlariga yuboriladi.

Attestatsiya natijasiga koʻra pedagog kadrlarning oylik ish haqlariga kiritiladigan oʻzgarishlar avtomatik tarzda hisoblab chiqarilishi uchun UzASBO yoki boshqa moliyaviy hisob-kitob dasturlariga yuboriladi.

Tadbir soʻnggida jurnalistlarning mavzuga oid savollariga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob berib oʻtildi.

 

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu