Sayt test rejimida ishlamoqda

Eksternat tartibida oʻtkaziladigan imtihonlarda ishtirok etish tartibi

23-fevral 2024-yil
image

Mazkur amaliyotning afzalliklari nimada?

Turli sabablarga koʻra, oʻz vaqtida umumiy oʻrta taʼlim olmagan fuqarolarga eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyalaridan oʻtib davlat namunasidagi shahodatnoma olish imkoniyati yaratilgan.

Buning uchun talabgorlar har yili 1-martdan 1-mayga (shu kuni ham) qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin.

Mazkur davlat xizmati bepul amalga oshiriladi.

 

Kimlar ariza topshirishlari mumkin?

9-sinf doirasida tegishli yilda 16 yoshga toʻladigan va undan katta yoshdagi fuqarolar;

11-sinf doirasida 18 yoshga toʻladigan va undan katta yoshdagi fuqarolar.

Ushbu yosh chegarasi umumiy oʻrta taʼlim maktabi bitiruvchilari yoshiga mos ravishda belgilangan.

 

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

Roʻyxatdan oʻtish vaqtida shaxsiy maʼlumotlar va oʻqigan maktab toʻgʻrisida (agar oʻqigan boʻlsa)gi maʼlumotlar kiritiladi. Shuningdek, arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

9-sinf hajmida tasdiqlangan baholar (oʻzlashtirish) tabeli yoki maktabning 9-sinfini tamomlamaganligi toʻgʻrisida tasdiqlangan maʼlumotnoma (rdf formatida) nusxasi;

11-sinf hajmida 9-sinfni tamomlaganligi toʻgʻrisidagi shahodatnoma (rdf formatida) nusxasi;

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tomonidan 9-sinfdan keyin majburiy oʻrta taʼlimni yakunlamaganligi toʻgʻrisida tasdiqlangan maʼlumotnoma (rdf formatida) nusxasi.
 

Arizalar qay tartibda koʻrib chiqiladi?

Fuqarolarning onlayn yuborilgan hujjatlari eksternat tartibida imtihon oʻtkaziladigan maktabga yuboriladi va ikki kun muddatda koʻrib chiqiladi.

Fuqarolar shaxsiy kabineti orqali yakuniy davlat attestatsiyasiga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni elektron tizimdan yuklab olishi mumkin.


Eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasi qachon va qay tartibda oʻtkaziladi?

Imtihon oʻtkazish joyi, sanasi va boshqa shartlari imtihon oʻtkazilishidan 10 kun oldin eksternat maktab binosining barcha uchun koʻrinarli joyiga osib qoʻyiladi va bu haqda elektron tizim orqali fuqaroga xabarnoma yuboriladi.

Eksternat tartibida yakuniy davlat attestatsiyasi har yili 15-iyunga qadar oʻtkaziladi.


Natijalar qachon eʼlon qilinadi?

Natijalar imtihon oʻtkazilganidan soʻng 2 kun ichida eʼlon qilinadi.

Fuqarolar imtihon natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotni elektron tizim orqali avtomatik tarzda tizimdan yuklab oladi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu