Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2023-yil faoliyati natijalari to‘g‘risida ma’lumot

29-dekabr 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yuklatilgan vazifalar va topshiriqlar doirasida 2023-yil davomida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

QONUNCHILIK BAZASINI MUSTAHKAMLASH  YO‘NALISHIDA:

2023-yilda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi faoliyatiga oid jami 20 ta qonunchilik hujjatlari, jumladan, 1 ta Prezident Farmoni, 1 ta Prezident qarori, 6 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 7 ta Vazirlar Mahkamasi farmoyish va 5 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

MAKTABGACHA TA’LIM FAOLIYATI YO‘NALISHIDA:

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 33 942 taga yetkazildi. 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizga, 6 yoshli bolalarning maktabga tayyorlov qamrovi 93 foizga yetkazildi.

Davlat-xususiy sherikchilik asosida 7 100 o‘rinli 71 ta, oilaviy shaklda 116 998 o‘rinli 4 402 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.

26 890  quvvat (o‘rin)ga ega bo‘lgan 168 ta (53 ta yangi qurilish va 113 ta rekonstruksiya, 2 ta mukammal ta’mirlash) obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshiriladi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi oliy ma’lumotli kadrlar ulushi 34,6 foizga yetkaziladi.

14 ming nafar rahbar va pedagog kadrlarning malakasi oshirildi.

335 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 370 ta boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlov guruhlari 122,2 mlrd.so‘mlik mebel va boshqa jihozlar bilan ta’minlandi.

Respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar uchun yagona mavsumiy taomnoma joriy etildi.

AQSH qishloq xo‘jaligi agentligining O‘zbekistondagi “Mercy corps” filiali hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 166 ta DMTTning umumiy ovqatlanish shoxobchalari, sanitariya-gigiyena obyektlari infratuzilmasi, suv ta’minoti yaxshilandi.

UMUMTA’LIM MAKTABLARI FAOLIYATI YO‘NALISHIDA:

Maktablar soni 10 163 taga, o‘quvchilar soni 6 476 091 nafarga yetdi.

37 ta maktab filiallariga umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berildi.

Maktablarning 1-sinfiga  689 726 nafar bolalar  qabul qilindi va “Prezident sovg‘asi” berildi.

Masofadan yoki “bir darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari joriy etilishi (kengaytirilishi) natijasida:

974 778 nafar bitiruvchiga (9- va 11-sinf) elektron shahodatnoma berildi, 75 193 nafar o‘quvchi maktabdan-maktabga ko‘chirildi, 54 772 nafar fuqaroga shahodatnoma dublikati berildi, 1-sinfga o‘quvchilarni masofadan qabul qilish tizimi 1 160 ta maktabga tatbiq etildi.

11-sinf bitiruvchilarining 11 879 nafari oltin medal va 2 050 nafari kumush medal bilan  taqdirlandi.

Maktab bitiruvchilarning OTMga kirishdagi o‘rtacha bali 77,1 ballga yetkazildi, shundan 77 foiz davlat granti o‘rinlarini joriy yil bitiruvchilari egalladi.

500 ta maktabda Prezident maktablarining baholash tizimini  joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov jarayonlari va 135 ta maktabda 4 ta yo‘nalish (matematika-fizika, matematika-chet tili, ona tili-chet tili, kimyo-biologiya) bo‘yicha fanlarni tanlash imkonini beradigan maxsus o‘quv-rejalar joriy etildi.

Yangi metodikalar asosida yaratilgan va xalqaro ekspertizadan o‘tkazilgan 495 nomdagi darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun, ingliz, fransuz va nemis tillari bo‘yicha xalqaro nashriyotlarining (Kembridj, Klett, Dider) mahalliylashtirilgan 88 nomdagi darsliklari barcha sinflarda tatbiq etildi.

O‘quvchilari uchun 63,1 mln. nusxa darslik chop etildi.

Maktablardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit yaxshilash borasida olib borilgan ishlar natijasida «qizil» toifaga kiritilgan maktablar soni 1 526 tadan 404 ta kamaydi.

litsenziyalash tartiblarini soddalashtirilishi natijasida nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 449 taga (2022-y. – 335 ta) yetkazildi.

O‘QUVCHILARNING OLIMPIADALARDAGI ISHTIROKI YO‘NALISHIDA:

5 ta eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida jami 13 ta medal, boshqa xalqaro olimpiadalarda 52 ta medal qo‘lga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan eng nufuzli Xalqaro kimyo va Xalqaro informatika olimpiadalariga 2026 yilda mezbonlik qilishni qo‘lga kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi tashkil etilib, unga 6 885 ta maktab, 34 375 nafar o‘quvchi qamrab olindi.

XALQARO MUNOSABATLAR YO‘NALISHIDA:

Maktablarga 500 nafar xorijlik mutaxassislar jalb etildi.

PISA xalqaro baholash tadqiqotlari natijalari e’lon qilinib, O‘zbekistonning matematik savodxonlik yo‘nalishida o‘rtacha ko‘rsatkichi 364 ball (72 o‘rin), o‘qish savodxonligi yo‘nalishida 336 ball (80-o‘rin), tabiiy-ilmiy savodxonlik yo‘nalishi bo‘yicha esa 355 ballni (80-o‘rin) tashkil etdi.

Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida joriy yilning noyabr oyida 30 nafar maktab direktori malakasi oshirildi.

28 ta xalqaro donor tashkilot ishtirokida “O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan kelishuv” (Partnership Compact) tasdiqlanib, 600 mln dollariga teng loyihalar belgilandi. Maktabgacha ta’lim sohasida 7,55 mln dollar (rejaga nisbatan 101 foiz) investitsiyalar o‘zlashtiriladi.

Birinchi Markaziy Osiyo xalqaro eko-oromgohi tashkil etildi

va ekologik ta’limni rivojlantirishga qaratilgan “Barqaror rivojlanish madaniyatini qo‘llab-quvvatlash, bolalar va yoshlarini iqlim masalalariga jalb qilish bo‘yicha” milliy va mintaqaviy strategiyalar qabul qilindi.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston professional ta’lim tizimida islohotlar va zamonaviylashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti raisligi doirasida 7-“Ta’lim vazirlari uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikalari ta’lim sohasiga mas’ul vazirliklarining rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi va Xalqaro turkiy akademiyaning vakillari ishtirok etdi.

“Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “O‘zbekiston – sog‘lom va bilimli jamiyat” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilib, unda qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.

IJTIMOIY HIMOYA QILISH VA INKLYUZIV TA’LIMNI RIVOJLANTIRISH YO‘NALISHIDA:

Inklyuziv ta’limni bosqichma-bosqich rivojlantirib borish maqsadida inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablar soni 415 ta (2022-yilga nisbatan 2 baravar ko‘p) ga, ulardagi o‘quvchilar soni 736 nafar (2022-yilga nisbatan 200 nafar ko‘p) ga yetdi. Inklyuziv ta’lim jarayonida ishtirok etuvchi 1431 nafar pedagog xodimlarning malakasi oshirilib, sertifikat taqdim etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda 1172 nafar bolalar ta’lim-tarbiya bilan qamrab olindi.

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 153 nafari  uy-joy bilan ta’minlandi, 1105 nafari esa oliy ta’lim muassasalariga davlat grandi asosida o‘qishga qabul qilindi.

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan (eshitishidan nuqsoni bo‘lgan) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning 2034 nafar  o‘quvchilari Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy amaliy tibbiyot markazining malakali shifokorlari tomonidan  chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Eshitishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarning 350 nafari bepul eshitish apparatlari bilan ta’minlandi.

“Zamin” xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda “Eshitishni xohlayman!” “Zamin creative”, “Zamin education”, “Inklyuziv ta’lim” kabi loyihalar yo‘lga qo‘yildi va ushbu loyihalar doirasida 500 nafardan ortiq pedagog xodimlar, 1000 nafardan ortiq o‘quvchilar uchun o‘quv-seminarlar, turli tadbirlar va IT oromgohi tashkil etildi.

Alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-interntalari o‘quvchilari o‘rtasida “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari tashkil qilinib, unda 7500 nafar nogironligi bo‘lgan bolalr qamrab olindi.

Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” ta’lim muassasalri o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat”  intellektual musobaqasi tashkil qilindi.

PЕDAGOGLARNING MALAKASINI OSHIRISH YO‘NALISHIDA:

Umumta’lim maktablaridagi 500,4 ming nafar pedagoglarning (226,4 ming nafari oflayn, 229,4 ming nafari onlayn) malakasi oshirildi.

Malaka sertifikatiga ega o‘qituvchilar soni 37 844 nafar (shundan 32 843 nafari yuqori darajadagi sertifikatga ega)ni tashkil etadi.

A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti 12 ming nafar rahbar va mutaxassis xodim o‘qitildi, Institutning ilmiy salohiyati 57,1 foizga yetkazilib, 54 ta ilmiy maqola, 5 ta monografiya chop etildi.

Uzluksiz kasbiy rivojlantirish (malaka oshirish) kurslarini tabaqalashtirilgan tarzda tashkil etish maqsadida 367 ming nafardan ziyod o‘qituvchi kasbiy diagnostika testlaridan o‘tkazildi.

Pedagogika fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun 2 ta, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun 4 ta dissertatsiya himoya qilindi.

O‘QUVCHILARNI KASBGA TAYYORLASH YO‘NALISHIDA:

Maktablarda 1-11-sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yangi “Kasbga yo‘naltirish tizimi” joriy etildi.

Har bir tuman (shahar)da bittadan, jami 208 ta maktabda

17 082 nafar (8 454 nafari qizlar, 49,5 foiz) 10-sinf o‘quvchilariga 3 ta yo‘nalishda kasb-hunar o‘rgatish tizimi joriy etildi.

10-sinflar uchun “Kasbiy ta’lim” fani joriy etildi va ushbu fanga haftasiga 2 o‘quv soati ajratildi.

O‘quvchilarga 15 ta ishchi kasb, 4 ta tadbirkorlik, 8 ta axborot texnologiyalari yo‘nalishida kasb-hunar o‘rgatish yo‘lga qo‘yildi.

O‘quvchilarni kasb va mutaxassislarning mehnat faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2023/2024 o‘quv yilida 1,8 mln nafardan ortiq o‘quvchi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va agrotexnologiya yo‘nalishidagi korxonalarga 9 709 ta ekskursiyalari, 4 563 ta seminarlar, 27 259 ta uchrashuvlar tashkil etildi.

Olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 112 856 nafar 9-sinf bitiruvchilari kasb-hunar maktablariga jalb qilindi.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumani 32-son umumta’lim maktabining o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatish tajribasi ommalashtirildi.

“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR MAKTABLARI FAOLIYATI YO‘NALISHIDA:

Respublikada 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida

10 472 ta to‘garak tashkil etilib, ularga 306 310 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.

14 ta hududda tajriba konstruktorlik byurolari, “Kasblar laborotoriyasi”faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

25 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida xususiy sektorlarni jalb qilgan holda robototexnika, mental arifmetika va xorijiy tillar kurslari tashkil etildi.

Sirdaryo viloyatida “Maktabdan tashqari ta’lim: muammo va yechimilar” I respublika forumi o‘tkazildi va unda 300 nafar maktabdan tashqari ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Maktablardagi 7 822 ta to‘garaklarda 39 116 ta jamoalar tuzilgan bo‘lib, mazkur jamoalarda 277 469 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb etilgan.

O‘QUVCHILARNING MA’NAVIY-MA’RIFIY VA SPORT TADBIRLARIDAGI ISHTIROKI HAMDA KITOBXONLIKKA JALB ETISH YO‘NALISHIDA:

Namangan viloyatida O‘zbekistonda ilk marotaba “Bolalar sayyohlik” bazasi ochildi.

Joriy yilda 18 ta xalqaro tanlov, festival va musobaqalarda

440 nafar o‘quvchilar ishtirok etib, ularda 17 ta birinchi, 24 ta ikkinchi, 34 ta uchinchi, 9 ta gran prini qo‘lga kiritdi.

Ta’lim muassasasidagi 39 742 ta kitobxonlik klublariga 5,49 mln nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan.

Maktab kutubxonalarida 15,1 mln. nusxa adabiyotlar fondi mavjud bo‘lib, shundan 8,6 mln. nusxasi (57 foiz) lotin alifbosidagi adabiyotlar hisoblanadi.

Respublika Bolalar kutubxonasi tomonidan 200 nomdagi audio kitoblar tayyorlanib, kitob.uz veb-saytiga joylashtirildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida 172 870 nafar, “Yoshlar turizm haftaligi” doirasida 192 705 nafar o‘quvchi sayohatlarga, “Moziyga sayohat” dasturi doirasida 399 320 nafar o‘qituvchi va o‘quvchilar muzey va teatrlarga olib borildi.

Umumta’lim maktablarida sportning 14 ta turi bo‘yicha tashkil etilgan 64 505 ta sport seksiyasiga 1,5 mln. nafar (570 209 nafari qizlar) o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.

“Quvnoq startlar”, “Yoshlik sport jamoalari”, “Yozgi ta’tilni sport bilan o‘tkazamiz” sport musobaqalari o‘tkazilib, ularga 2,1 mln. nafar o‘quvchilar jalb etildi.

Yozgi mavsumda 199 ta statsionar oromgohlarda 155 583 nafar, ta’lim muassasalarida 922 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarida (bepul) 173 918 nafar bolalar dam oldirildi.

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasi 1,9 mln. nafar o‘quvchi jalb etilib, 1,1 mln nafari sertifikatga ega bo‘ldi.

Respublikadagi mavjud 10 163 ta umumta’lim muassasalarda «Zakovat» intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, haftaning har seshanba kuni «Zakovat» soatlari tashkil etildi. Unda 289 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi.

QURILISH VA MODDIY-TЕXNIK BAZANI MUSTAHKAMLASH YO‘NALISHIDA:

Investitsiya va boshqa qo‘shimcha dasturlar doirasida joriy yil 563 ta maktabda qurish-ta’mirlash amalga oshirildi. Mazkur ishlar natijasida qo‘shimcha 118,6 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilib, mavjud 114,8 ming o‘rinli binolar mukammal ta’mirlandi. Mazkur maqsadlar uchun 3,0 trl. so‘mga yaqin mablag‘lar yo‘naltirildi.

“Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 1 565 ta umumta’lim maktabiga 1,5 trl. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilib, ularning moddiy-texnika ta’minoti va infratuzilmalari holati yaxshilandi.

1 797 ta ta’lim muassasalariga qayta tiklanuvchi quyosh elektr panellari va quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.

Ichimlik suvi tashib keltiriladigan 53 ta umumta’lim maktablari uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Respublikadagi 6 479 ta maktabning isitish tizimi va isitish qozonlari modernizatsiya qilindi. 2 335 ta maktabning isitish qozonlari ko‘mir yoqilg‘i mahsulotiga moslashtirildi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 3 710 ta kompyuter sinfi to‘plami va 555 ta interaktiv doskalar yetkazildi.

10 100 ta (99,9 foiz) maktabga Internet tarmog‘i infratuzilmasi olib kelindi va “Education” tarif rejasiga ulandi.

10 104 ta maktab uchun 112 mlrd. so‘m hisobiga 5 turdagi sport va 7 turdagi milliy cholg‘u asboblari yetkazib berildi. Natijada, sport jihozlari 100 foizga va milliy cholg‘u asboblari bilan ta’minlanganlik darajasi 35 foizga yetkazildi.

IXTISOSLASHTIRILGAN TA’LIM MUASSASALARI AGЕNTLIGI TASARRUFIDAGI TA’LIM MASKANLARI FAOLIYATI YO‘NALISHIDA:

Prezident maktablari bitiruvchilarining 84 foizi (275 nafari) muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Prezident maktablarining 13 tasi (93 foizi) SAT xalqaro sertifikati imtihonlarini o‘tkazadigan rasmiy markazlari sifatida tan olindi.

Prezident maktablari bitiruvchilari dunyo reytingida 6-o‘rinda turuvchi “California Institute of Technology”, 7-o‘rinda turuvchi “Garvard” hamda “Princeton” universitetlarining 100 foizlik grantini qo‘lga kiritishdi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga (37-o‘rin) nisbatan 31 ta o‘rin yuqoriga ko‘tarilgan.

Ijod maktablarining 223 nafar bitiruvchilaridan 83 foizi (187 nafari) muddatidan oldin xorijiy va mahalliy oliygohlarda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilga (55 foiz) nisbatan  28 foizga o‘sgan.

Tashkil etilganiga bir yil bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktablarning 3962 nafar bitiruvchilaridan 72 foizi (2882 nafari) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi.

Ijod maktablarning 44 foizida, ixtisoslashtirilgan maktablarning 18 foizida ikkinchi xorijiy til o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Ijod maktablari o‘quvchilarining 52 nafari respublika fan olimpiadasining hududiy bosqichida  sovrinli (18 nafari 1-, 20 nafari 2-,

14 nafari 3-) o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida “Microsoft Community Conf 2023 Uzbekistan” IT konferensiyasi, mamlakatimizda ilk marotaba “Diffusion Fundamentals-X” konferensiyasi tashkil etildi.

FUQAROLAR MUROJAATLARI BILAN ISHLASH YO‘NALISHIDA:

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 36 426 ta murojaat kelib tushgan, shundan 7 340 tasi vazirlik markaziy apparati tomonidan ko‘rib chiqilgan. Qolgan 29 086 tasi hududlarga yuborildi.

Vazirlik Xalq qabulxonasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilgan 2 026 nafar fuqaroga amaliy yordam hamda huquqiy maslahatlar berildi.

Vazirlik Ishonch telefoni orqali fuqarolardan kelib tushgan 71 238 ta qo‘ng‘iroqlarning 937 tasi rasmiylashtirilib, mutaxassislar tomonidan o‘rnatilgan tartibda o‘rganib chiqilgan. Qolgan 70 303 ta qo‘ng‘iroqqa operatorlar tomonidan og‘zaki javob berilgan.

2023-yil hisoboti infografikada

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu