Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangi yil bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining dastlabki seans dasturlari bo‘lib o‘tdi

29-dekabr 2023-yil
image

Ta’kidlash lozimki, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bolalari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ishtirokida har yili Yangi yil bayrami oldidan an’naviy tarzda “Prezident archasi” tadbiri o‘tkazib kelinadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, “SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari” uyushmasining bolalar mahallalari, bolalar uylari va “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uylari tarbiyalanuvchilari, mahallalarda istiqomat qilayotgan yetim bolalar va ota-ona qaromog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, shuningdek, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan oilalarning 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun umumiy hisobda 11 000 dona “Prezident sovg‘asi” tayyorlandi.

“Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 17 turdagi shirinliklar, 2 nomdagi kanselyariya mahsulotlari, sovg‘a solinadigan quti, smart soat va boshqa sovg‘alar kiritilgan.

Shuningdek, joriy yilda Mehribonlik uylari, Oilaviy bolalar uylari, SOS bolalar mahallalari hamda “Mehrli maktab”ning 12 yoshdan katta bo‘lgan 1600 nafar tarbiyalanuvchilari uchun sovg‘alar tarkibiga planshetlar ham kiritilgan.

Mazkur sovg‘alar joriy yilning 25-28-dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarga “Uzbekistan Airways” AJ samolyotlari hamda hududiy Davlat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining kuzatuvlari ostida maxsus avtotransport vositalari orqali yetkazildi.

29-30 dekabr kunlari viloyat hokimliklari, sektor rahbarlari va xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan respublikaning barcha hududlarida “Prezident archasi” tadbirlari tashkil qilinadi hamda bolalarga “Prezident sovg‘asi” tarqatilishi rejalashtirilgan.

Ma’lum sabablarga ko‘ra bayram tadbirlariga kela olmagan  bolalar uchun sovg‘alar mahalliy hokimliklar, sektorlar, milliy gvardiya va vazirlikning hududiy bo‘linmalari vakillari tomonidan ularning uylariga borgan holda tantanali tarzda topshiriladi.

Hududlarda bo‘lib o‘tadigan “Prezident archasi” tadbirlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan zarur ehtiyot choralari ko‘rilgan.

 “Prezident archasi” tadbirining asosiy tantanalari joriy yilning 29 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Tomosha” bolalar teatr studiyasida bo‘lib o‘tdi. Bu yerda bolajonlarimizning Yangi yil bayramida munosib dam olishlari uchun “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yangi yil ertaklari” nomli teatr tomoshasi namoyish etildi.

Mazkur bayram dasturi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” telekanali hamda “ZO‘R TV” telekanali tomonidan bayram kunlari tashkil etiladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi.

“Tomosha” bolalar teatr studiyasi o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining takroriy seanslari joriy yilning 29-30-dekabr kunlari soat 10:00 va 14:00 larda bo‘lib o‘tadi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu