Sayt test rejimida ishlamoqda

Vazir Hilola Umarova tizimdagi faol va yosh o‘qituvchilar hamda iqtidorli o‘quvchilar bilan uchrashdi

21-dekabr 2023-yil
image

Bugun poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tizimdagi yetuk yosh pedagoglar hamda iqtidorli o‘quvchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro qizg‘in muloqot shaklida o‘tkazilgan tadbir avvalida vazir Hilola Umarova so‘nggi yillarda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bilim va qobiliyatlarini yuksaltirish borasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kelajakda o‘z yo‘lini topishlariga ko‘maklashish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etildi. Ushbu ta’lim muassasalarning o‘quvchilari dunyoning top oliygohlariga qabul qilinmoqda.

Jumladan, Namangan shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Go‘zalxon Haydarova “Garvard” hamda “Princton” oliygohlarida 100 foiz grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Jafar Arifjanov “California Institute of Technology” oliygohining grantini yutgan birinchi o‘zbekistonlik talabaga aylangan bo‘lsa, Jizzax shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Nozimbek Turg‘unboyev 120 dan ortiq xorijiy oliygohlarning 6 million AQSH dollarli miqdoridagi grantlarini qo‘lga kiritdi.

O‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida 2022-yildan boshlab, Prezident sovrini uchun o‘tkazilgan “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 70 nafar o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari Buyuk Britaniyaga ta’lim sayohatiga yuborildi. Ular bir hafta davomida Kembrij, Oksford universitetlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, Kembrij, London, Vinzor, Oksford shaharlari, Temza daryosi bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

2022-2023-o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan 13 911 nafar bitiruvchilarga oltin va kumush medallar topshirildi.

Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro olimpiadalarda o‘quvchilarimiz 6 ta oltin, 14 ta kumush, 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

“8-Kavkaz Xalqaro matematika olimpiadasi”da jamoamiz vakillari matematika, fizika hamda informatika fanlaridan masofaviy (onlayn) tarzda ishtirok etib 10 ta kumush, 8 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda yoshlarni ijtimoiy faolligini oshirish hamda intelektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan 70 ta loyiha va 20 ta tanlovlarni tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Jumladan:

Buxoro shahrida ilk marotaba Abu Ali Ibn Sino nomidagi Xalqaro biologiya olimpiadasi va Toshkent shahrida Turkiy tilli davlatlar o‘rtasida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro matematika olimpiadasi tashkil qilish;

respublika bo‘yicha qo‘shimcha 513 ta umumta’lim maktabida o‘quvchilarga kasb-hunar o‘rgatishni joriy etish;

Farg‘ona viloyatida “Barkamol avlod” bolalar maktablari uchun IT xap yaratish kabi qator muhim masalalar kelgusida amalga oshiriladi.

Tadbirda joriy yilda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda vazir o‘rinbosarlariga biriktirilgan Toshkent shahridagi 41 nafar, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 146 nafar yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda yoshlarning ko‘plab muammolariga ijobiy yechim topilgani aytib o‘tildi.

Vazir Hilola Umarova uchrashuv davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan qator savollar, jumladan:

yoshlarning vazir bo‘lish uchun inson qanday xislatlarga ega bo‘lish kerakligi;

soha rahbari sifatida tizimda qanday o‘zgarishlarni amalga oshirgani;

kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalarning eng muhim uchtasi qaysilar ekanligi;

joriy yilda amalyoitga joriy etilgan yangi baholash tizimining o‘ziga xos jihatlari;

maktab bitiruv baholarining oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi ta’siri to‘g‘risidagi ko‘plab savollarga batafsil javob berib o‘tdi.

Uchrashuv so‘nggida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablari faol o‘qituvchi va o‘quvchilari, qator musobaqa va turnirlar g‘oliblari vazirlikning maxsus Diplomi hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu