Sayt test rejimida ishlamoqda

Angliya maktablarida ota-onalar uchun alohida dars o‘tiladi

6-dekabr 2023-yil
image

Buyuk Britaniya safari men uchun har tomonlama samarali va katta taassurotlarga boy bo‘ldi, deb aytishim mumkin.

 

O‘quvchilar - do‘stimiz

E’tiborimni tortgan jihat shuki, angliyalik direktorlar maktab faoliyatiga tegishli har qanday qarorni jamoa bilan bamaslahat qabul qiladi. O‘quvchilarga nisbatan do‘stona yondashuv yetakchi o‘rinda turadi. Eng asosiysi, o‘quvchilar himoyasiga juda katta e’tibor berilar ekan. Ya’ni ularning har tomonlama, ham bilim jihatidan, ham jismonan kamolga yetishishi qat’iy nazoratga olinadi.

 

Ota-onalarni o‘qitishga alohida o‘qituvchilar jalb etiladi

Maktab ma’muriyati ota-onalar bilan uzviy aloqada ish yuritadi. Hattoki o‘quvchilarning ota-onalari istagini inobatga olgan holda, ular uchun dars mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ota-onalarni o‘qitishga alohida o‘qituvchi jalb etiladi va bu ustozlar o‘sha darslari uchun ham alohida ish haqi olishadi.

Bu amaliyotdan asosiy maqsad, ota-onalar farzandlarining bilim olish darajasi, xatti-harakatlari, xulqi, orzulari va istaklari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lib borishadi hamda o‘z bolalarining ertaga qaysi kasbni egallashga bo‘lgan xohishlarini hozirdan belgilab olishadi.

 

Darslar erkin tanlanadi

Ingliz maktablarining yana bir muhim jihati, dars jarayonlarida har bir o‘quvchiga individual yondashiladi, uning qiziqishlaridan kelib chiqib, maktab fanlarini erkin tanlash imkoniyati beriladi.

 

O‘quvchini suratga olish mumkin emas!

Yana bir qiziq ma’lumot shuki, biz maktablarda bo‘lganimizda o‘quvchilarni hatto suratga olishga ham ruxsat berishmadi. Yuqorida aytib o‘tganimdek, bolalarni har tomonlama himoyalash qoidasi ularda qattiq amalda ekan. Hatto har bir maktabda o‘quvchilar himoyasini tashkil etish uchun alohida “Maktab kengashi” tuzilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, ingliz maktablari faoliyatida biz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlar va yangiliklar talaygina. Ikki haftalik sayohat davomida Angliyadagi ko‘plab maktablarga sayohat qildik va bu tanishuv va muloqotlar biz o‘ylaganimizdan ham muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb ayta olishim mumkin.

 

Ravshan Boyirov, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabi direktori

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu