Sayt test rejimida ishlamoqda

Ta’lim sifatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator masalalar muhokama etildi

29-noyabr 2023-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda vazirlik tizimidagi A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti tomonidan ta’lim tizimini takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy ta’limini yanada takomillashtirish, bu boradagi ilg‘or milliy va xalqaro tajribalarni tahlil qilish, samarali yondashuvlarni aniqlash va ularni amaliyotga joriy etish muhokamasiga bag‘ishlangan ushbu tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, soha mas’ullari, olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari hamda ilmiy izlanuvchilar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘z olgan vazir Hilola Umarova boshlang‘ich ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar va tadqiqotlarning qamrovi va ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini oshirish orqali ta’lim sifatini yaxshilash bugungi kunda tizim oldida turgan muhim masalalardan biri ekanligiga alohida urg‘u berib o‘tdi.

Xususan, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun yaratilgan yangi avlod darsliklarining zamonaviy "4K" modeli asosida yanada takomillashtirishga doir o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya o‘z ishini mavzuga doir qator shoʻbalarga bo‘lingan holda davom ettirdi. Unda ta’lim mazmunini takomillashtirish masalalari, muammo va yechimlar, ilg‘or xorijiy tajribalar, samarali metod usullari, o‘qituvchi va ota-onalar hamkorligining huquqiy asoslari atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun joriy yil davomida 3 ta bosqich hamda 36 soatlik o‘quv kurslaridan iborat malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi. Unda Respublika bo‘yicha 304 nafar pedagoglar trener sifatida tayyorlandi. 

Shuningdek, joriy yilning 24-31-avgust kunlari hududlardagi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida shu yo‘nalishda olib borilgan o‘quv kurslariga yurtimizdagi 9 736 nafar boshlang‘ich ta’lim metodika birlashma rahbarlari jalb etildi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu