Sayt test rejimida ishlamoqda

Andijonlik o‘qituvchi maoshidan aʼlochi o‘quvchilariga stipendiya berdi: “O‘quvchilarim ko‘zidagi quvonch olayotgan maoshimdan ko‘ra ko‘proq huzur beradi”

16-noyabr 2023-yil
image

Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi 6-umumtaʼlim maktabi o‘qituvchisi Yorqinoy Mamatisaqova 30 yildan buyon rus tili va adabiyoti fanidan o‘quvchilarga saboq berib keladi.

Yorqinoy Mamatisaqova joriy yil sentyabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan XXIII Xalqaro Pushkin tanlovida g‘olib bo‘lib qaytdi.

Ijodkor pedagog taʼlim jarayoniga ko‘plab yangiliklarni joriy etib, o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish yo‘li bilan ularning qiziqishini fanga oshirib kelmoqda.

Yorqinoy Mamatisaqova o‘z ustida ishlab, tinimsiz izlanishi jarayonida xorijlik pedagoglar tomonidan yo‘lga qo‘yilgan yaxshi tajribadan xabar topdi. Bu tajribani o‘zi taʼlim beradigan 10-"B" sinfida o‘tkazib ko‘rishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

Fidoyi pedagog 1-chorak yakuni bo‘yicha 4 nafar aʼlochi o‘quvchini aniqlab, ularga "Ustoz stipendiyasi" berishni yo‘lga qo‘ydi. Eʼtiborlisi, mazkur stipendiyani sinf rahbarligi uchun to‘lanayotgan maoshidan ajratdi. Yana 12 nafar aʼlochi o‘quvchilarini taqdirlab, kelgusida boshqa o‘quvchilarning ham yaxshi o‘qishi uchun motivatsiya bera boshladi.

 

— II chorakdan stipendiya olish uchun ko‘p o‘quvchilarim harakat qilmoqchi. Bir oyda sinf rahbarlik uchun oladigan maoshim o‘quvchilarimga ketsa ham ularni rag‘batlantirishdan zavqlanaman. Boisi, bu stipendiyani joriy qilganimdan so‘ng o‘quvchilarimning ota-onasi qo‘ng‘iroq qilib, rahmat aytishdi. Farzandi uyga pul solingan konvertni ochmay olib borib, ota-onasiga berganini quvonch bilan gapirishdi. Oila davrasida ochilgan konvertni uy to‘riga qo‘yib qo‘yishibdi. O‘quvchilarim ko‘zidagi quvonch menga u olayotgan maoshimdan ko‘ra ko‘proq huzur berdi.

 

Yorqinoy Mamatisaqova maktabda o‘z mablag‘lari hisobidan "Qo‘g‘irchoq teatri" ochib, qo‘g‘irchoqlar yasab, ansambl uchun kiyimlar tiktirgan.

 

Sinfda tarbiyasi og‘ir o‘quvchilari ko‘p bo‘lgani uchun har bir o‘g‘il-qiz qiziqishini aniqlab olib, jamoaviy o‘yinlar tashkil etadi. O‘quvchilarini har mavsumda sayohatga olib chiqib, ahillikni, o‘qituvchi va o‘quvchi, ota-ona o‘rtasida ijobiy munosabatni yaxshilashga intiladi. Natijada, tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham ustozi bilan yaqin munosabatda bo‘lib, sinfda taʼlim sifati oshishiga erishdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu