Sayt test rejimida ishlamoqda

"Hatto tanaffus paytida ham o‘quvchilar men bilan tarix haqida gaplasha boshlashdi"

25-sentabr 2023-yil
image

Mahmud Hamrayev yosh bo‘lishiga qaramay ko‘plab o‘quvchilari qalbidan joy olgan, ularning hurmatiga sazovor bo‘lgan pedagoglar sirasiga kiradi. U Navoiy shahar Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyotiga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida tarix fanidan saboq beradi. Mahmud Hamrayev ustoz o‘quvchilari bilan do‘st tutinishi kerak, deb hisoblaydi. Mana shu tamoyil bilan pedagog o‘quvchilarini o‘z ortidan ergashtira oldi.

Tajribali pedagog har bir darsni zamonaviy texnologiyalardan foydalanib o‘tgani uchun murg‘ak qalblarga yo‘l topdi, ularni ilm-maʼrifatga oshno etdi. — Yoshligimdan tarix faniga juda qiziqqanman, — deydi Mahmud Hamrayev. — Har bir mavzuni qunt bilan o‘rganishga harakat qilar edim. Oliy taʼlimni yakunlagach, maktabda ish faoliyatimni boshladim. O‘quv yili boshida tarix faniga qiziquvchi o‘quvchilar juda ham kam edi. 4-5 ta dars o‘tganimizdan keyin ularning soni keskin ko‘paydi. Hatto tanaffus paytida ham o‘quvchilar men bilan tarix haqida gaplasha boshlashdi. O‘quvchilarning tarix faniga qiziqishini ko‘rib, 27 nafar yoshlardan iborat sinf tashkil etdik. Ularga dars o‘tish qiziqarli bo‘lish bilan birga katta masʼuliyat ham yuklardi. Ish jarayonida o‘quvchilarim bilan qadrdon bo‘lib ketdik. “Bir yoqadan bosh chiqarib” qilgan mehnatlarimiz o‘z samarasini berdi. Ne baxtki, ularning barchasi oliy taʼlim muassasasi talabasi bo‘ldi.

Yosh pedagog 2022-yil Navoiy davlat pedagogika institutining tayanch doktarantura bosqichiga qabul qilindi. O‘tgan o‘quv yilida vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan sinovlarda ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. Natijada maoshi 1000 dollardan oshishiga erishdi. Bugungi kunda pedagog dars jarayonida o‘zi yaratgan 20 dan ortiq ko‘rgazmali qurollardan mahorat bilan foydalanib, o‘quvchilarida o‘zlashtirish samaradorligining o‘sishiga erishmoqda. Tinimsiz izlanishlari natijasida o‘quvchilarga puxta bilim bermoqda. O‘quvchilari tarix fanidan shahar va viloyat miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

Asosiy jihatlaridan biri shundaki, Mahmud Hamrayev  o‘quvchilarni kelajakda yurtimiz uchun yetuk mutaxassis kadrlar qilib tayyorlashdek muhim vazifani ado etishni o‘zining pedagogik va insoniylik burchi deb hisoblaydi.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu