Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi ustuvor masalalarga bag‘ishlangan Hay’at majlisi tanqidiy ruhda kechd

21-sentabr 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarligida vazirlikning navbatdagi kengaytirilgan Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari, mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z olgan vazir Hilola Umarova o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2023-2024-o‘quv yilida bajarilishi zarur bo‘lgan ustuvor masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. 
Ta’kidlanganidek, joriy yilda oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning 77 foizi (2022-yilda 74 foiz)ni mazkur  o‘quv yilida maktabni bitirgan o‘quvchilar tashkil etmoqda. Xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz maktab o‘quvchilari 69 ta, jumladan, 5 ta nufuzli olimpiadada 13 ta medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi natijaga erishdi.
Joriy yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 30 792 taga yetib, qamrov 72,0 foizga, tayyorlov guruhlarida 6 yoshli bolalarning qamrovi esa 90,0 foizga yetdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda davom etgan yig‘ilishda sohada yo‘lga qo‘yilayotgan kamchiliklar ham tilga olib o‘tildi. Jumladan, joylarda maktabgacha ta’limga qamrov darajasini oshirish bo‘yicha ishlar sarhisobi keltirilib, Urgut, To‘rtko‘l, Sariosiyo, Nurobod, Ellikqal’a tumanlarida bu boradagi ko‘rsatkichlar talabga javob bermasligi aytib o‘tildi. Mas’ullarga mazkur hududlarda maktabgacha ta’limga qamrov darajasini oshirish hamda mavjud holatlarni atroflicha tahlil qilish bo‘yicha zarur topshiriqlar berildi.

Hay’at yig‘ilishida 2023-2024-o‘quv yilida tizimda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga ham bevosita to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, joriy o‘quv yilida respublika bo‘yicha 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi, shundan 135 ta maktabning yuqori sinflarida fanlarning optimallashuvi asosida tanlov fanlari joriy etiladi.
Prezident va ixtisoslashgan maktablar mazkur ta’lim maskanlari uchun “tayanch maktab” etib belgilanadi. Ushbu tizim keyingi besh yilda bosqichma-bosqich barcha maktablarga joriy etiladi. 
Yangi o‘quv yilida 500 nafar, keyingi yilda 1 500 nafar xorijlik chet tili o‘qituvchilari mamlakatimizdagi belgilangan maktablarda dars berish uchun olib kelinadi.
Respublikadagi barcha tuman va shaharlardagi maktablarda “Oqdaryo tajribasi” asosida ikkinchi xorijiy til va kasbga o‘rgatish ishlari amalga oshiriladi.
Yig‘ilish davomida vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, hududiy boshqarmalar rahbarlariga joylarda olib borilayotgan ta’lim binolarini qurish-ta’mirlash ishlarini mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda jadallashtirish topshirig‘i berildi. 
Vazir Hilola Umarova fuqarolar murojaatlari tahliliga to‘xtalib o‘tar ekan, vazirlikka qilingan eng ko‘p murojaatlar bo‘yicha Qashqadaryo viloyati (12 foiz), Toshkent shahar (11,5 foiz), Surxondaryo viloyati (10 foiz), Toshkent viloyati (10 foiz) hamda Samarqand viloyatlari (9 foiz) yetakchilik qilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Tizimdagi fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida joriy yil sentyabr oyining shu kunidan oktyabr oyi yakuniga qadar “Dolzarb oylik” etib belgilandi. Bunda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha vazirlik markaziy apparatida Ishchi shtabi tashkil etilib, uning tarkibiga vazirlik markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalaridan tajribali mutaxassislar jalb qilinadi.
Yig‘ilish so‘ngida vazir o‘rinbosarlari, hududiy boshqarmalar hamda mas’ul tashkilot rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu