Sayt test rejimida ishlamoqda

“O‘qituvchi har bir darsga alohida, kerak bo‘lsa uyqudan kechib tadorik ko‘rishi, darsning qaysi daqiqasida nima deyishini oldindan belgilab olishi zarur” — O‘zbekiston Qahramoni

13-sentabr 2023-yil
image

Yarim asrga yaqin bir maktabda o‘qituvchilik qilgan Turg‘un Azlarovni barcha “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni mukofotlari sohibi deya eʼzozlaydi, hurmat bilan tilga oladi. Bunday ulug‘ maqomga erishgunga qadar pedagog ko‘p yo‘llarni bosib o‘tgan. Dastlab, Toshkent Davlat Universiteti (hozirgi kunda O‘zbekiston Milliy Universiteti)ni tamomlab, matematika fani va shaxsiy kompyuterlarning matematik taʼminoti mutaxassisligi bo‘yicha taʼlim olgan. Yillar o‘tib, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent unvonini olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun 70 yoshida ham qadrdon maskani Shayxontohur tumanidagi 40-maktabga borib, shogirdlaridan o‘z maslahatlarini ayamaydigan ustoz "O‘qituvchining asosiy ishi "maktab chirog‘ini doimiy yoqish"dan iborat", deb hisoblaydi. Maktabda taʼlim olayotgan o‘quvchilarga Fayzulla Zikrillayev, Saʼdi Sirojiddinov, akademik To‘xtamurod Jo‘rayev kabi ustozlari o‘gitlaridan so‘zlab beradi. Har bir o‘g‘il-qiz maktabga faqat bilim olish uchun boraman, deb qatʼiy maqsad qo‘yishi kerakligini doimiy takrorlaydi.

Inson qaysi kasbni tanlamasin fidoyilik bilan mehnat qilishi zarur, - deydi qahramonimiz Turg‘un Azlarov. - O‘z maqsadi sari intilib, yaxshi niyat qilgan inson albatta maqsadiga erishadi. "Xalq o‘qituvchisi" bo‘laman, deb niyat qilardim, niyatimga yetdim. Buning uchun o‘quvchilarga taʼlim va tarbiya berishda tinimsiz mehnat qildim, hamkasblarim va xalq orasida obro‘ qozondim. Ko‘p bora yuqori lavozimlarga ishga taklif bo‘ldi, biroz vaqt tizim tashkilotlarida rahbarlik qilishimga to‘g‘ri kelsa ham, jonajon maktabimdan keta olmadim. Har safar o‘quvchilarimga dars berish uchun qaytib kelaverdim. Boisi, boladek beg‘ubori bo‘lmaydi, ularni tashlab ketib, boshqa ishlarda ishlolmadim. Ish faoliyatim davomida ko‘p pul topishga qiziqmadim. Ota-onam o‘qituvchi bo‘lib ishlashgan, ozga qanoat qilishni bolalikdan o‘rgatishgani hayotim davomida asqotdi. Shogird tayyorlashga alohida eʼtibor qaratdim, ularning bariga mana shunday taʼlim-tarbiya berdim.

Ustozning shogirdlaridan biri Rahmatilla Karimov Turg‘un Azlarov haqida shunday deydi:

— O‘qituvchilik kasbi haqiqiy fidoyilikni talab etadi. Turg‘un Azlarovni ham o‘z kasbining fidoyisi, deb hech ikkilanmay aytish mumkin. Ustozga istagan mavzuda savol bersangiz hammasiga to‘liq javob olasiz. Har bir darsga kirishdan oldin o‘z fanidan tashqari, boshqa fanlarga oid yangiliklardan 50-60 foiz xabardor bo‘ladi. Bu yangiliklarni, albatta, o‘quvchilariga yetkazadi. Dunyoqarashi keng ustozimni shu fazilatlari uchun ham "Qirg‘og‘i yo‘q bilim daryosi"ga qiyoslayman. Ustozning barchaga o‘rnak bo‘ladigan yana bir jihati, bola haqiga xiyonat qilmaydi. Darsni muqaddas bilib, biror daqiqasini sinfdan tashqarida yoki boshqa narsalarga chalg‘ib o‘tkazmagan.

O‘qituvchilik kasbi juda sharafli, shu bilan birga katta masʼuliyat talab qiluvchi mashaqqatli kasbdir, deb ko‘p bora taʼkidladi qahramonimiz. Oliy taʼlim dargohida mexanika-matematika fakultetini tamomlagan Turg‘un Azlarov bilan suhbatlashar ekanmiz, kitob javonining eng yuqori qatoridan joy olgan "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" kitobiga ko‘zimiz tushdi. Sezgir ustoz "Matematik yoki informatik bo‘lishning umuman ahamiyati yo‘q, o‘qituvchi qaysi fandan dars bermasin, albatta, savodli bo‘lishi, o‘z ustida doimiy ishlashi, xatosiz yozishi zarur"ligini aytib, nutq sanʼati borasida ham maslahatlar berib o‘tdi. Darsda o‘qituvchining har bir gapirayotgan gapi o‘quvchilarga naf keltirishi kasbiga sadoqatidan darakligi borasida uzoq so‘zladi.

— O‘qituvchi har tomondan - yurishi, turishi, so‘zlashi, kiyinishi, madaniyati, tarbiyasi, bilimi bilan barchaga o‘rnak bo‘la olishi kerak. Har bir darsga alohida, kerak bo‘lsa uyqudan kechib tadorik ko‘rishi, darsning qaysi daqiqasida nima deyishini oldindan belgilab olishi zarur. O‘zim mana shu qoidalarga amal qilib, muvaffaqiyatga va xalq mehriga erishdim. Bularni pulga sotib olib bo‘lmaydi, - dedi so‘zi yakunida “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” faxriy unvoni mukofotlari sohibi Turg‘un Azlarov.

Hikoyamiz nihoyasida katta tajribaga ega, yuqori malakali, o‘qitishning zamonaviy usullarini qo‘llovchi, izlanuvchan, ijodkor o‘qituvchi Turg‘un Azlarov informatika fanini chuqur o‘qitishga qaratilgan dastur va rejalar tuzgani, ular asosida mamlakatimiz maktablarida informatikaga ixtisoslashgan hamda litsey sinflari tashkil etilganini aytib o‘tmoqchimiz.

Maʼlumot uchun: Turg‘un Azlarov sanoqli ustozlar orasida “O‘zbekiston Qahramoni” oliy darajadagi unvoni bilan taqdirlangan. Uning 100 ga yaqin ilmiy-metodik risolalari nashr etilgan. Umumtaʼlim maktablarining 8-9-sinflari uchun “Informatika” fani bo‘yicha Davlat taʼlim standartlari, dastur va darsliklarining mualliflaridan biri, ishlanmalari Respublikamizda meʼyoriy hujjatlardan biri bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Uning “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan davlat taʼlim standarti va o‘quv dasturi”, “Informatika taʼlimining tabaqalashgan mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslarini o‘qitishning jahon tajribalari”, “Bank sinflarida informatika taʼlimi”, “Informatika taʼlimining tayanch mazmuni”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan taʼlim standartlarini ishlab chiqish texnologiyasi” kabi ishlari informatika taʼlim tizimidagi fundamental izlanishlar sirasiga kiradi. “Informatikadan olimpiada masalalarini yechish”, “Sbornik olimpiadnix zadach i uprajneniy po informatike”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslaridan olimpiada testlarini tuzish”, “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari kursidagi murakkab masalalarni yechish”, “Informatika fanidan mashqlar to‘plami” kabi qator ilmiy asarlari chop etilgan.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu