Sayt test rejimida ishlamoqda

“Samarqand viloyatining o‘quvchilarni kasbga o‘rgatish tajribasini ommalashtirish va pedagogika oliygohlari o‘quv reja va dasturlarini Prezident maktablari dasturlariga moslashtirish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

5-sentabr 2023-yil
image

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida “Samarqand viloyatining o‘quvchilarni kasbga o‘rgatish tajribasini ommalashtirish va pedagogika oliygohlari o‘quv reja va dasturlarini Prezident maktablari dasturlariga moslashtirish” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odil Abdurahmonov, vazir Hilola Umarova hamda videoselektor orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari:

- “Bu yildan 500 ta maktabda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash va dasturlarini joriy etmoqchimiz. Prezident maktablariga bu yilgi qabul jarayonlarida 1 ta o‘ringa 200 ta bolaning to‘g‘ri kelgani ham bu tizimning naqadar samarali ekanini ko‘rsatib bermoqda”.
“Maktabdagi ta’lim tizimi o‘qituvchilarning malakasiga bog‘liq. Shunday ekan, ularning kasbiy rivojlanishi doimo diqqat markazimizda bo‘lishi kerak”.

“Bu yil yurtimizga xorijiy tillarni o‘qitish maqsadida 500 ga yaqin “til egalari” kelmoqda. Bu birinchi qadam xolos, ushbu loyiha hali davom etadi. Ammo, xorijiy tilni o‘qitayotganda o‘qituvchilar salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratishimiz lozim”.

“Yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida hokim, ota-ona va maktab o‘rtasida uch tomonlama shartnoma imzolash joriy etilmoqda”.

Hilola Umarova, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri:

- “Kasbga o‘qitishni joriy qilishda katta-katta korxona rahbarlari bilan tizimni integratsiya qilish, hozirgi bozorda qanday mutaxassislarga talab mavjudligini o‘rganish kerak”.
“Endi malaka oshirish institutlari Respublika bo‘ylab bir xil standard asosida tashkil etiladi”.

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahri va hududiy Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani 32-sonli maktabda bo‘lib, mazkur maktab tajribasini o‘rganish uchun yig‘ilishdi.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 32-maktabda o‘quvchilarni 7- sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi 15 ta kasb-hunarga o‘rgatish va 2 ta chet tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan.

E’tiborlisi, ushbu loyiha doirasida o‘quvchilar bu yerda o‘qish, kasb o‘rganish  bilan bir qatorda qo‘shimcha daromad topish imkoniga ega bo‘lib kelmoqdalar.

Samarqand viloyati Oqdaryo tumani 32-maktabda tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni kasbga o‘qitish tajribasi butun Respublikada tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu