Sayt test rejimida ishlamoqda

Mas’ullarning korrupsiyaga qarshi kurashishga doir bilimlarini oshirishga qaratilgan profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

23-iyun 2023-yil
image

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, huquqni muhofaza qilish organlari va tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar, ta’lim muassasalari va hududiy boshqarmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish, soha mas’ullari tomonidan turli qonun buzilish holatlarini oldini olishga qaratilgan profilaktik-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Bundan asosiy maqsad, maktabgacha va maktab ta’limi sohasini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik vakillari ishtiroki va rolini yanada oshirishdan iboratdir.

Mazkur turdagi tadbirlar kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarida tashkil etildi.

Profilaktik tadbirlarda hududiy maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, maktab va maktabgacha ta’limi muassasalari direktorlari, hududiy hokimliklar va boshqa mas’ul tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan tadbirlarda davlat fuqarolik xizmati idoralarida ta’magirlik, mansab suiste’molchiliklari holatlarini oldini olishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-sonli qarori va vazirlikning 2022-yil 21-oktabrdagi 329-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalari”ning mazmun-mohiyati va ularning tegishli bandlarida belgilangan talablar ishtirokchilarga atroflicha tushuntirib o‘tildi.

Shuningdek, bugungi kunda sohada asosiy e’tibor - korrupsiyaga qarshi kurashishda profilaktik tadbirlar samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga hamda salbiy holatlarni kelib chiqish sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etishga qaratilganligi alohida qayd etildi. 

Hududlarda “Korrupsiyasiz soha” dasturlarini joriy etish va sohalar qamrovini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan vazifalar samaradorligini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi. 

Toshkent viloyatidagi tadbirda namoyish etilgan hamda sodir etilgan korrupsion jinoyatlarning ayanchli oqibatlaridan hikoya qiluvchi “Nafs iskanjasi” nomli videofilm soha mutasaddilari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu