Sayt test rejimida ishlamoqda

2023/2024-o‘quv yilida 1-sinfga qabul jarayonlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida brifing

20-iyun 2023-yil
image

2023-2024-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul jarayonlari bugundan boshlandi.
 

Bu yil respublikamiz bo‘yicha 1-sinfga 730 mingdan ortiq bolalarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Qabul jarayonlarini tartibli o‘tkazish va ota-onalarga qo‘laylik yaratish, maqsadida 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi:

Birinchi bosqich - joriy yilning 20-iyunidan 31-iyuliga qadar maktablarga mahalliy hokimlik qarorlari bilan biriktirilgan mikrohudud bo‘yicha 1-sinfga qabul jarayonlari amalga oshiriladi.

Ikkinchi bosqich - joriy yilning 1-15-avgust kunlari mikrohududdan tashqari qo‘shimcha qabul jarayonlari amalga oshiriladi. Bunda, umumta’lim maktablarining o‘quvchi o‘rni, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanganligi, sinf xonalarining yetarli ekanligini inobatga olinadi.

Bu tajriba 3 yildan buyon amalga oshirilmoqda, ko‘pchilik ota-onalar va barcha maktab direktorlari bundan xabardor.

Tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, (Vazirlar Mahkamasining 01.06.2022-yil 295-son qarori) bu yil 43 ta tuman va shaharlarda 1-sinfga qabul elektron tizim orqali davlat xizmatlari shaklida amalga oshiriladi.

Buning uchun ota-onalar uydan chiqmagan holda Vazirlikning elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tib, biriktirilgan mikrohudud doirasida 31-iyulgacha hamda 1-avgustdan boshlab mikrohududdan tashqari manzil bo‘yicha farzandlarini maktabga joylashtirish uchun ariza berishlari mumkin.

Respublikamizning boshqa hududlarida 1-sinfga qabul belgilangan tartibda AN’ANAVIY SHAKLDA, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab qabul komissiyasiga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.

Maktab tomonidan 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimi (adm.maktab.uz)ga kiritilib, nazoratga olinadi.

Ma’lumot uchun: ota-onalarning yashash manzili bo‘yicha umumta’lim maktabida tanlagan ta’lim tilidagi sinfi bo‘lmagan taqdirda, yaqin hududdagi boshqa umumta’lim maktabi mikrohudud sifatida biriktirib beriladi.

Arizalar 3 ish kunida Hududiy boshqarmalar (moderatorlar) tomonidan ko‘rib chiqilib, mikrohudud bo‘yicha maktabga yuboriladi yoki sababi ko‘rsatilgan holda rad etiladi.

Ariza maktabga yuborilganda ota-onalar farzandi bilan birgalikda onlayn navbat asosida maktabga boradi va bolaning sog‘ligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani maktabda tashkil etilgan qabul komissiyasiga taqdim etadi.

Ota-onalar farzandini ta’lim boshqa tilda (jumladan rus tilida) o‘qitiladigan sinfga o‘qitish uchun ariza topshirgan bo‘lsa, bolaning shu tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega ekanligi qabul komissiyasi tomonidan o‘rganiladi.

Bola tanlagan tilda boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa, qabul komissiyasi bolani so‘zlashuv ko‘nikmasiga mos sinfga yoki boshqa maktabga joylashtirish bo‘yicha xulosa beradi.


Qabul komissiyasi 3 ta holatda arizani rad etishi mumkin.

- bolaning tibbiy ma’lumotnomasida umumta’lim maktabida ta’lim olish tavsiya etilmagan bo‘lsa;

- tanlagan ta’lim tilida boshlang‘ich so‘zlashuv ko‘nikmasiga ega bo‘lmasa;

- so‘rovnomada keltirilgan ma’lumotlar noto‘g‘riligi aniqlansa.


Arizasi rad etilgan fuqarolar avvalgi ariza raqamini ko‘rsatib, aniqlangan kamchilikni bartaraf etgan holda qayta ariza berishlari mumkin.

Nodavlat ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari ta’lim muassasalari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Hurmatli ota-onalar!


“Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, bolalar ular 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Yangi o‘quv yilida 2016-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar 1-sinfga qabul qilinishi belgilangan.

Mazkur qonun talabi barcha turdagi maktablar, jumladan nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun ham taalluqlidir.

Afsuski, o‘tgan yillarda ayrim ota-onalar tomonidan qonunchilikka rioya etmasdan, farzandlarini maktab yoshiga yetmagan bo‘lsada 1-sinfga joylashtirishga uringanliklari, keyinchalik esa, maktabdan-maktabga o‘tish jarayonlarida ushbu holatlar aniqlanib, bolani qaytadan 1-sinfga o‘qitishga to‘g‘ri kelganligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz.


Shu o‘rinda barcha ota-onalarga murojat etmoqchimiz, umumiy o‘rta ta’lim olish majburiy bo‘lib, maktab yoshiga yetgan har bir bolaning bilim olish huquqi kafolatlanadi va hech bir bola ta’limga jalb etilmasdan qolmaydi.

 

Barcha hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) bo‘limlarida qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha shtablar tashkil etilgan.

Ota-onalarda maktabga joylashtirish, onlayn ariza topshirish yoki biriktirilgan mikrohududi bo‘yicha savollar yuzaga kelganda hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo‘limlarida tashkil etilgan shtabga murojaat etishlari mumkin.

Shuningdek, elektron qabul jarayonlari yuzasidan Vazirlik “Call-markaz”ining 71-203-07-04 raqamlariga yoki telegramdagi @mymaktab_uz kanali orqali qo‘shimcha ma’lumotlar olishlari mumkin.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu