Sayt test rejimida ishlamoqda

Ma'ruzalar

.

Xalq taʼlimi vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi l.Rustamovaning brifing maʼruzasi

6-may 2021-yil
image

Assalomu alaykum hurmatli hamyurtlar, bugungi Xalq taʼlimi vazirligi brifingi orqali taʼlim darajasi yuqori boʻmagan maktablarga boshqa hududlardan borib ishlaydigan pedagoglarga ustamalar belgilash tartibiga toʻxtalib oʻtamiz.

Maʼlumki joriy yilning 11-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qarori imzolandi. Mazkur Qarorga muvofiq olis hududga borib ishlovchi xodimlarga bir martalik kompensatsiya toʻlovlari va har oylik ustamalar miqdori belgilab berildi.

Mazkur masala yuzasidan Xalq taʼlimi vazirligiga koʻplab savollar kelib tushmoqda, bugungi brifing orqali ularga javob berib oʻtamiz.

Dastlabki savol: Men 30 yil stajga ega rus tili fani oʻqituvchisiman. 2020-yil may oyida 54 yoshda pensiyaga chiqdim, lekin hozirgacha maktabda ishlayapman. Pensiyadagi 2-toifali oʻqituvchilar ham olis hududga borsa imtiyoz va ustamalar toʻlanadimi ?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-yanvar kuni imzolangan “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4940-sonli qaroriga muvofiq, taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan faqatgina oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustama va imtiyozlar belgilanadi. 2-toifali yoki toifasiz pedagoglarga ustama toʻlash koʻzda tutilmagan.

Keyingi savolda mutaxassisligi boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlgan maʼlumoti oliy, 2- toifali oʻqituvchining ham olis hududga borib dars oʻtishi mumkinligi haqida soʻrashgan.

“Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan faqatgina oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustama va imtiyozlar belgilanishi belgilab berilgan. Sizning holatingizda oʻz ixtiyoringizga koʻra mazkur maktablarda dars berishingiz mumkin. Biroq maxsus imtiyozlardan foydalana olmaysiz.

Keyingi savol esa quyidagicha: Men Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashayman. Oliy toifali kimyo oʻqituvchisiman. Ilmiy darajam magistr. Shu viloyatdan olis hududdan boʻsh ish oʻrni boʻlsa oʻylab koʻrardim, sababi Qarshi shahrida shu toifam bilan darsim toʻliq emas.

Javob: Siz Xalq taʼlimi vazirligining “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasi doirasida www.ustozfondi.uz platformasi orqali roʻyxatdan oʻtib, tanlovda ishtirok etishingiz hamda taʼlim sifati past maktablardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilinishingiz mumkin. Sizga yuqoridagi platformaga kirib, tanlov shartlari va taʼlim sifati past, vakant lavozimlar mavjud taʼlim muassasalari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

Yana bir savol: Men Kitob tumanidan Ingliz tili oʻqituvchisiman, toifam birinchi. Olis hududda ishlash niyatida edim, bir martalik yordam puli, ustama qachondan va kimlarga beriladi?

Javob: Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yaratilgan www.ustozfondi.uz platformasi orqali taʼlim sifati past maktablar roʻyxati va ulardagi boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumotga ega boʻlishingiz mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4940-sonli “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qaroriga koʻra, olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi.

Qarorga koʻra, 2021-yilning 1-martidan boshlab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga:

bir maʼmuriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritsa 50 foiz;

boshqa maʼmuriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan boʻlsa 100 foiz ustamalar toʻlanadi.

‼️Bunda taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududda kamida bir yil ishlagan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglar jalb qilintshi belgilab qoʻyilgan

Savol: Men taʼlim sifati yuqori boʻlmagan maktabga borib ishlasam menga boshlangʻich yordam puli va har oylik kompensatsiya toʻlovlari toʻlanadimi, birinchi toifaga egaman?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-yanvardagi 4940-sonli qarorida taʼlim sifati past boʻlgan hamda olis hududda joylashgan maktablarga borib ishlovchi oʻqituvchilar uchun alohida toʻlovlar belgilangan.

Jumladan, agar oliy yoki birinchi toifali oʻqituvchi taʼlim sifati yuqori boʻlmagan, biroq olis hududda joylashgan maktabga borib ishlasa unga belgilangan talablar asosida:

har oylik maxsus ustamalar,

  • ü boshlangʻich yordam puli va har oylik kompensatsiya toʻlovlari toʻlanadi.

Shuningdek, ushbu maktab olis hududda joylashmagan boʻlsa unga faqatgina har oylik maxsus ustamalar belgilanadi.

Savol: Assalomu alaykum oliy toifali oʻqituvchiman, Olis hududga borib ishlasam bir vaqtning oʻzida ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4940-sonli qarori ham Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 471-sonli qaroriga muvofiq belgilangan ustamalarni olishim mumkinmi?

Javob: Agar oʻqituvchi borgan maktab ham taʼlim sifati yuqori boʻlmagan ham olis hududdagi maktab boʻlsa u holda oʻqituvchilarga bir vaqtning oʻzida ikkita qarorda belgilangan har oylik maxsus ustamalar toʻlanishi mumkin.

Eng Soʻnggi savol: Avvaldan olis hududga qatnab ishlayotgan oʻqituvchilarga ham ushbu ustamalar amal qiladimi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-yanvardagi qaroriga muvofiq, 2021-yil 1-martdan boshlab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilingan. Buning uchun siz qaror joriy etilgan vaqtdan soʻng boshqa xududda kamida bir yil ishlagan boʻlishingiz kerak, yani talim darajasi yuqori boʻlmagan maktabga borib ishlash uchun boshqa xududda 1 yillik pedagogik faoliyat yuritgan boʻlishingiz lozim.

Eʼtiboringiz uchun rahmat, salomat boʻling

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu