Sayt test rejimida ishlamoqda

Ma'ruzalar

.

XALQ TAʼLIMI VAZIRINING AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BOʻYICHA MASLAHATCHISI L.RUSTAMOVANING BRIFING MAʼRUZASI

10-iyun 2021-yil
image

2021-2022 oʻquv yilida 1-sinfga qabul 15-iyundan boshlanadi

Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, hurmatli ota-onalar!

Bugungi brifing orqali joriy oʻquv yilida maktablarning 1-sinfiga hamda Xalq taʼlimi tizimidagi Ixtisoslashgan maktablarga qabul tartibi xususida toʻxtalib oʻtamiz.

Dasavval joriy yilda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul 15-iyundan boshlanishini maʼlum qilamiz.

Ota-onalarga qoʻlaylik yaratish maqsadida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi. (Elektron qabul jarayonlari haqida batafsil kelgusi brifingda maʼlumot berib oʻtamiz.)

Qolgan hududlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)lari) umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul anʼanaviy shaklda, yaʼni bevosita maktabda amalga oshiriladi.

1. Tajriba-sinov tariqasida joriy etilayotgan elektron shakldagi qabul jarayoni 2 ta bosqichdan amalga oshiriladi:

Birinchi bosqichda ota-onalar 2021-yilning 15-iyunidan 5-iyuliga qadar my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali roʻyxatdan oʻtib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar.

Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi:

Birinchi maktab-ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, yaʼni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab;

Ikkinchi va uchinchi maktablar - ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay boʻlgan maktablar.

Ikkinchi bosqichda 2021-yilning 6-iyulidan 31-iyulga qadar ota-onalar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, yaʼni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish toʻliq elektron shaklda amalga oshiriladi. Bunda ota-onalarning doimiy yashash manzili boʻyicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari kafolatlanadi.

Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan boʻlsa, yaʼni elektron roʻyxatdan oʻtish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida boʻsh oʻrinlar boʻlgan taqdirda 1-15-avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin boʻladi.

2. Qabul anʼanaviy shaklda amalga oshiriladigan hududlarda ota-onalar bevosita 2021-yilning 15-iyundan - 15-iyulga qadar doimiy yashash manzili boʻyicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarini
1-sinfga joylashtrish uchun hujjatlarini topshirishlari mumkin.

Shuningdek, 16-iyuldan - 15-avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, yaʼni mikrohududiga kirmasa ham boʻsh oʻrinlar boʻlsa, farzandlarini 1-sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.

Shu oʻrinda yana bir bor eslatib oʻtamiz! Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1-sinfiga bolalar “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunning 9-moddasiga asosan yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi, yaʼni bu yil, yaʼni bu bolalar 2014-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar tugʻilgan bolalar sanaladi.

Shuningdek, mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, yaʼni nodavlat xususiy barcha taʼlim muassasalari uchun ham majburiydir.

Olti yoshdan yetti yoshgacha boʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga bir yillik majburiy tayyorlash Maktabgacha taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Umumtaʼlim maktablariga biriktiriladigan mikrohududlar mahallalarning joylashuvi va aholining demografik oʻsishini inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida belgilanadi.

Hududlarda yangi uy-joylarning qurilishi yoki maʼmuriy hududiy chegaralarning oʻzgarishi sababli tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumtaʼlim maktablariga biriktirilgan mikrohududlar qayta oʻzgartirilishi mumkin.

Endi 2021-2022 oʻquv yilida ixtisoslashgan sinflarga qabul toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtamiz.

2021-2022 oʻquv yili uchun Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalariga qabul joriy yilning 10-iyunida boshlanib, 10-iyulga qadar davom etadi. Ota-onalarga qoʻlaylik yaratish hamda qabul jarayonlarini shaffofligini taʼminlash maqsadida hujjatlar toʻliq elektron shaklda qabul qilinadi.

Buning uchun ota-onalar joriy yilning 10-iyunidan boshlab my.maktab.uz sayti orqali ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga hujjatlarni elektron shaklda topshirishlari mumkin.

Eslatib oʻtamiz, ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablariga 5-sinfdan, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga 7-sinfdan qabul amalga oshiriladi.

Saralash tanlovlari Davlat test markazi tomonidan joriy yilning
12-30-iyul kunlari oʻtkaziladi.

Brifing soʻngida yana bir eʼlon bilan ham tanishtirib oʻtmoqchiman. Joriy yilning 9-iyun kuni soat 15.00 da Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan vazirlik tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga qabul jarayonlari toʻgʻrisida ota-onalar va oʻquvchilar uchun onlayn Ochiq muloqot tashkil etiladi. Ochiq muloqotni vazirlikning facebook ijtimoiy sahifasi @Uzedu orqali toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borishingiz va qabul jarayonlari bilan bogʻliq oʻz savollaringizni yoʻllashingiz mumkin.

Bizda buguncha shular edi. Eʼtiboringiz uchun rahmat, salomat boʻling.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu