Sayt test rejimida ishlamoqda

Ma'ruzalar

.

XALQ TAʼLIMI VAZIRINING AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BOʻYICHA MASLAHATCHISI L.RUSTAMOVANING BRIFING MAʼRUZASI

20-may 2021-yil
image

Assalomu alaykum! Mana, 2020-2021 oʻquv yili ham nihoyasiga yetishiga sanoqli kunlar qoldi. Bugun koʻplab oʻquvchi va ota-onalardan maktabdagi yakuniy imtixonlar bu yil ham bekor qilinadimi degan savollar kelib tushmoqda.

Guvohi boʻlayotganingizdek, bugun oʻquvchilar oʻrtasida Respublika va Xalqaro Olimpiadalari ham bekor qilinmagan va oʻquvchilar ularda ishtirok etib, koʻplab muvaffaqiyatli natijalarni qayd etishmoqda. Shu oʻrinda imtixonlar oʻquvchilarning koʻproq oʻz ustilarida ishlashi, yil davomida olgan bilimlarini yanada mustahkamlashi va oshirishiga xizmat qilishini alohida qayd etmoqchimiz.

Shu bois, joriy yilda ham oʻtgan yildagi kabi maktablardagi yakuniy imtixonlar bekor qilinadimi degan savolga, Yoʻq bekor qilinmaydi. Bu yil barcha umumtaʼlim maktablarida bosqichli nazorat va yakuniy davlat imtihonlari oʻtkazilishini maʼlum qilamiz.

Imtihonlar oʻquvchilarning sogʻligini himoyalash va karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda oʻtkazilishi nazoratga olinadi. Jumladan, imtihonlar oʻtkazilishidan oldin taʼlim muassasalarida dezinfeksiya ishlari olib boriladi, oʻquvchilar imtihonlarga sanitar-gigiyena qoidalariga rioya etgan holda himoya vositasida (tibbiy niqob) kiritilib, binoga kirishdan avval tibbiy xodimlar tomonidan ularning tana harorati oʻlchalanadi va oraliq masofani saqlashlari taʼminlanadi.

Imtihonlar oʻquv yili yaunlanganidan soʻng, yaʼni 25-maydan keyin oʻtkaziladi. Har bir maktabda imtihonlar boshlanishidan kamida 10 kun oldin imtixon oʻtkazish jadvali barcha uchun koʻrinadigan joyiga osib qoʻyiladi.

Keyingi savol: Imtixonlar qaysi sinf oʻquvchilari uchun oʻtkaziladi?

Javob: 26-maydan- 2-iyunga qadar 5,6,7,8 va 10-sinf oʻquvchilari uchun bosqichli nazorat imtihonlari, 26-maydan 15-iyunga qadar 9 va 11-sinf bitiruvchilari uchun yakuniy davlat imtihonlari ogʻzaki, yozma hamda test sinovlari shaklida oʻtkaziladi.

Savol: Yakuniy imtixonlarga tayyorgarlik koʻrish uchun savollarni qayerdan va qanday olsa boʻladi? Ular pullikmi?

Javob: Imtihon savollari va materiallari mutlaqo bepul. Avvalroq Imtihon biletlari va namunaviy savollar Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy telegram kanali @uzedu joylashtirilgan. Bugun ham ushbu kanalga biletlar qayta joylashtiriladi va ularni ushbu kanaldan olishingiz mumkin.


Savol: Oʻquvchilar yakuniy imtihonlardan qanday hollarda ozod etilishi mumkinmi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi va umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi qarori bilan oʻquvchilar imtixonlardan ozod etilishi mumkin.

Oʻquvchilarga sinfdan sinfga koʻchirish imtihonlari va yakuniy davlat attestatsiyasidan ozod boʻlish huquqini beruvchi kasalliklar roʻyxati Xalq taʼlimi vazirining 2008-yil 4-martdagi 56-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan.

Shuningdek xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari hamda boshqa koʻrik-tanlovlardagi ishtiroki maktabdagi imtixon muddatlariga toʻgʻri kelib qolgan taqdirda, ular imtixonlardan ozod etiladi.

Savol: Imtihondan qoniqarsiz baho olgan yoki oʻta olmagan oʻquvchilar sinfdan-sinfga qoldiriladimi?

Javob: Amaldagi Nizomga koʻra, bir yoki ikki fandan oʻtkazilgan yakuniy attestatsiyada qoniqarsiz baho olgan bitiruvchilarga oxirgi yakuniy attestatsiyadan keyin ikki hafta oʻtgach qayta yakuniy attestatsiyadan oʻtish huquqi beriladi.

Yillik baho va yakuniy attestatsiya natijalariga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartlari talablarini bajarmay, “qoniqarsiz” baho olgan bitiruvchilar shu sinfda qayta oʻqishga qoldiriladi.

Savol: Imtihon jarayonida oʻquvchilarga yordamchi vositalardan foydalanishga ruxsat beriladimi?

Javob: Bosqichli nazorat imtihoni jarayonida oʻquvchilar tomonidan imtihonni muvaffaqiyatli topshirishga yordamchi vositalardan (xarita, globus, jadvallar, chizmalar, mulyaj, gerbariy, preparatlar, laboratoriya asbob-uskunalari va hokazolardan) foydalanishga ruxsat etiladi.

Soʻnggi savol: Maktab karantinga yopilgan boʻlsa imtihonlar bekor qilinadimi?

Javob: Yoʻq bekor qilinmaydi. Maktabda karantin muddati tugaganidan soʻng, yuqorida qayd etilganiday, imtihonlar karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda oʻtkaziladi.

Fursatdan foydalanib, maktab maʼmuriyatlaridan imtixonlarni adolatli va shaffof tashkil qilish choralarini koʻrishlarini, turli noqonuniy yigʻimlarni oldini olishlarini soʻraymiz! Oʻquvchilarimizga esa imtixonlardan muvaffaqiyatli oʻtishlarida omad tilab qolamiz.

Eʼtiboringiz uchun rahmat!

Hayr salomat boʻling!

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu