Sayt test rejimida ishlamoqda

Ma'ruzalar

.

XALQ TAʼLIMI VAZIRINING AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BOʻYICHA MASLAHATCHISI L.RUSTAMOVANING BRIFING MAʼRUZASI

7-yanvar 2021-yil
image

ASSALOMU ALAYKUM HURMATLI HAMYURTLAR!

Maʼlumki 11-yanvardan barcha umumtaʼlim muassasalarida 3 chorak oʻz ishini boshladi. Isitish tizimi qish mavsumida maktablardagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. Bugungi brifingimiz orqali xalq taʼlimi tizimidagi muassasasalarning isitish tizimi boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etib oʻtmoqchimiz.

Dastavval Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan umumtaʼlim maktablardagi isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, ulardagi muhandislik kommunikatsiyalarning ishchi holatda saqlanishi, shu yoʻnalishda olib boriladigan qurilish-taʼmirlash ishlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilanganligini alohida qayd etib oʻtmoqchimiz.

Bugun Respublika boʻyicha jami 10 008 ta umumtaʼlim maktablari hamda ixtisoslashtirilgan maktab internatlari faoliyat yuritib kelmaoqda. Ushbu umumtalim maktablarining isitilishi bugungi kunda quyidagi yoqilgʻi manbalari orqali amalga oshiriladi:

3 310 tasi tabiiy gaz;

23 tasi suyuq yoqilgʻi;

6 671 tasi koʻmir(briket)

4 tasi elektr toki orqali isitilib kelinadi.

Ularning isitilish turi quyidagicha:

1 036 ta maktablar markazlashgan issiqlik tarmogʻi orqali,

8 810 tasi lokal isitish tarmogʻi orqali hamda

162 tasi qoʻlbola (burjuy) pechlar orqali isitiladi.

Aytish joizki, respublika boʻyicha jami 1 196 ta maktab filiallari faoliyat yuritib. Ularning 118 tasi tabiiy gaz, 1 tasi suyuq pech yoqilgʻisi, 1 062 tasi koʻmir (briket) yoqilgʻisi, 15 tasi elektr toki manbalaridan foydalanib keladi.

Shu oʻrinda hozirgi kunda 162 ta maktab va 156 ta maktab filiallari qoʻlbola (burjuy) pechlari orqali isitilishi asosiy muammolardan biri ekanligini alohida qayd etish lozim. Sababi ulardagi oʻquvchilarning is gazidan zaharlanishi ehtimoli yuqori. Chunki, ushbu qoʻlbola burjuy pechlari sinf xonalarining ichki qismiga oʻquvchilarga yaqin qilib oʻrnatilgan.

Mazkur masalaning yechimi sifatida mahalliy hokimliklardan ushbu 162 ta maktab va 156 ta maktab filiallarning isitilishi yuzasidan kunlik nazorat oʻrnatilishini, tegishli masʼul tashkilotlarni is gazini oldini olish boʻyicha joylarda tushuntirishlar olib borilishini talab etadi.

Xalq taʼlimi muassasalariga joriy yil kuz-qish mavsumi uchun 235,5 ming tonna koʻmir-briket mahsulotlarini jamgʻarilishi belgilangan edi, bugungi kunga qadar jami 100% koʻmir va briket yoqilgʻi mahsulotlari umumtaʼlim muassasalariga toʻliq yetkazilib berilgan.

Oʻz oʻrnida Xalq taʼlim vazirligi tomonidan maktablardagi isitish tizimini nazorat qilib borish maqsadida @maktab_uzedubot boti ishlab chiqilgan boʻlib, unda ota-onalar shaxsini koʻrsatmagan holda farzandi tahsil olayotgan yoki faoliyat yuritadigan maktabining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati haqida maʼlumot berish imkoniyati yaratilgan. Ushbu bot orqali nafaqat isitish tizimi balki sinfxonalarning suv bilan taʼminlanganlik, yoritilish hamda hojatxonalarning holati haqida ham maʼlumot qoldirish mumkin.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga qishki mavsumda barcha maktablarning issiqlik tizimini barqaror ishlashi boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan, shuning uchun agarda joylarda muammolar boʻlsa hududiy shtablar orqali operativ ravishda choralar koʻrib borilmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi hududlardagi shtablarning telefon raqamlarini oʻzining @uzedu rasmiy telegram kanalida eʼlon qilgan.

Hurmatli hamyurtlar!

Agar siz hududlardagi shtablarga murojaat qilgan boʻlsangiz, biroq hali xam maktabingizda issiqlik tizimining ishlashi bilan bogʻliq muammoga yechim topilmagan boʻlsa, Xalq taʼlimi vazirligining (71) 202 09 09 raqamli murojaatlar markaziga murojaat qilishingiz ham mumkinligini eslatib oʻtmoqchimiz.

Ushbu murojaatlarni respublika kuz-qish shtabi hamda hududiy shtablar bilan hamkorlikda tezkor hal etish choralari koʻriladi.

Shu oʻrinda yana bir bor umumtaʼlim maktablardagi isitish tizimining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, ulardagi muhandislik kommunikatsiyalarning ishchi holatda saqlanishi, shu yoʻnalishda olib boriladigan qurilish-taʼmirlash ishlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilanganligini ESLATIB OʻTAMIZ.

Shuningdek Prezidentning “Xalq taʼlimi boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq viloyat hokimlari tumanlar (shaharlar) kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektor rahbarlari bilan birgalikda xalq taʼlimi muassasalarini oʻquv yiliga va kuz-qish mavsumiga oʻz vaqtida va samarali tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish uchun shaxsan javob berishi belgilab qoʻyilgan.

Shu bilan bugungi brifingimiz yakunlandi, eʼtiboringiz uchun rahmat!

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu