Sayt test rejimida ishlamoqda

Gender tenglik

.

QIZ BOLA TARBIYASI – MILLAT TARBIYASI

15-sentabr 2022-yil
image

 Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi “Oila va xotin-qizlar davlat boshlang‘ich tashkiloti” tashabbusi bilan Olmaliq shahar xalq taʼlimi bo‘limi tasarrufidagi 2 -sonli umumtaʼlim maktabida “Qiz bolaning tarbiyasi -  millat tarbiyasi” mavzusida seminar  tashkil etildi.

Tadbirda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari,  tuman va shahar xalq taʼlimi bo‘limlari  “Oila va xotin-qizlar davlat boshlang‘ich tashkiloti” raislari, maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari, psixolog metodistlar hamda IIB xodimlari va yuqori sinf o‘quvchi qizlari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarga oid davlat siyosati va uning ijrosini taʼminlash, shuningdek, qizlarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, uzluksiz taʼlimning mazmun-mohiyatini tushuntirish va kasb-hunarga yo‘naltirish bugunning mavzusiga aylanganligi xususida gapirib o‘tishdi. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini, yoshlarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini yoshlar, ayniqsa qizlar o‘rtasida keng targ‘ib etish bosh maqsad qilinganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, yosh qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik, milliy o‘zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoiylik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrash muhimligi xususida gapirishdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har qanday jamiyat va davlatning qay darajada xalqparvar hamda adolatli ekani uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati va g‘amxo‘rligi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Joriy yil mart oyining boshida ushbu sohada ikkita tarixiy farmon qabul qilingani ham shundan dalolat beradi. Sharqona tarbiyada qiz bolaning pokizaligi, xushmuomalaligi, kiyinishda to‘la liboslanishi, uy ishlarida mohir chevar va pazandaligi, oilaviy aloqalarda halimlik, otasi, aka-ukalariga beg‘araz saranjom-sarishtalik xizmatini ado etishi, ularning so‘z va shaʼnini har qadamda his etishi, onasining yonida mehribon yordamchi sifatida uy yumushlarini toqat bilan egallashi asosiy mezonlar sanaladi. Shu xususda bugungi tadbirda yoshlarni oilaviy hayotga har tomonlama tayyorlash, qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, erta nikoh va uning salbiy oqibatlarini oldini olish, oila muqaddasligi g‘oyalarini yana-da rivojlantirish, bu borada qiz bolaning o‘rni va masʼuliyatini tahliliy maʼlumotlar va amaliy misollar asosida tushuntirishga bag‘ishlangan maʼruzalar qilindi. Shuningdek, tadbir doirasida qizlar bilan olib borilayotgan ishlarda natijadorlikka erishish, ularni iqtidorli, faol qizlar bilan doimiy hamkorlikda ishlashini taʼminlash ko‘zda tutilgan.

Tadbir davomida maktabning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan mehmonlar uchun musiqiy chiqishlar taqdim etildi. Shu bilan birga tumandagi ustozlar bugungi kun voqeyliklari, barchani qiynayotgan muammolar aks etgan sahna ko‘rinishlarini ham ijro qilishdi.  

Seminar so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan tegishlicha javoblar olishdi.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu