Сайт работает в тестовом режиме

Заявления

.

Darsliklar bo‘yicha

5 июль 2023 год
image

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining Milliy o‘quv dasturi asosida darsliklarni chop etish davriyligiga qarab 2021-2022-o‘quv yilida 1-, 2-sinflar, 2022-2023-o‘quv yilida 3-, 6-, 7-, 10-sinflar uchun yangi avlod darsliklari va o‘quv-metodik majmualari yaratilib amaliyotga joriy etildi.

Shuningdek, 2023-2024-o‘quv yilida 4-, 11-sinflar, 2024-2025 o‘quv yilida 5-,8- va 9-sinflarda Milliy o‘quv dasturi asosida yangi avlod darsliklari va o‘quv-metodik majmualarini joriy etish ishlari rejalashtirilgan edi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy-metodik va tadqiqot ishlari sifatini oshirish orqali ta’lim tizimini kompleks rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 20 apreldagi 128-sonli qarori bilan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etildi.

Ushbu markazning asosiy vazifalaridan biri etib, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish etib belgilangan.

Markaz tomonidan ishlab chiqilgan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablar asosida 1-4-sinflarning darsliklar va o‘quv-metodik majmualari 2023-2024-o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, kelgusi o‘quv yillardan boshlab 5-,8-, 9- va 11-sinflar uchun bosqichma-bosqich zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualar nashr qilinishi nazarda tutilgan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 8 maydagi PF-67-son Farmonining 1-ilovasi 84-bandiga muvofiq 8-9-sinf Davlat va huquq asoslari fani darslik va o‘quv-metodik majmualari maketlarini yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu