Bayonotlar

.

RUSTAM IBROHIMOVNING «TAHRIRGA MUHTOJ ZOOLOGIYA YOXUD QUSHLAR SINFI FAQAT KO'K KAPTARLARDAN IBORAT(MI?)» MAQOLASIGA MUALLIFNING JAVOBI

18-iyun 2020-yil
image

Tahrirchi R. Ibrohimov fikricha volvoks – yashil suv o'tlari tipiga kiruvchi, to'p-to'p bo'lib, ko'chib yuruvchi organizmlarning bir turi. U ko'payganda gullab, suv yuzini yashil tusda qoplaydi”.

Bu fikr haqiqatdan juda yiroq.Tahrirchi botanikani o'qimagan ko'rinadi. Chunki volvoks to'p bo'lib emas, koloniya bo'lib yashaydi. volvoks va boshqa suv o'tlari hech qachon gullamaydi, jinssiz yoki gametalar hosil qilib ko'payadi. Issiq quyoshli kunlarda volvoks va boshqa yashil suv o'tlari ko'lmak suvlarda tez ko'payib, suvni yashil tusga kiritadi, ya'ni suv «gullaydi».

Tahrirchi volvoksni hayvon emas, o'simlik deb hisoblaydi. Umuman tirik organizmlarni oziqlanish usuliga binoan o'simlik yoki hayvonot dunyosiga ajratiladi. Hayvonsimon xivchinlilar fotosintez orqali avtotrof oziqlanishi tufayli yashil o'simliklarga, yorug'lik yetarli bo'lmaganida saprofit (geterotrof) oziqlanishi tufayli hayvonlarga o'xshaydi. volvoks hamda yashil evglena va boshqa fotosintez orqali avtotrof oziqlanadigan bir qancha yashil rangli xivchinlilar zoologiyada hayvonsimon xivchinlilar (fitomastiganlar), botanikada esa bir hujayrali yashil suv o'tlari nomi ostida o'rganiladi. Bu hodisa o'simliklar bilan hayvonlarning bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqanligini ko'rsatadi. Bu haqida darslikning 15-sahifasida ma'lumot berilgan. Lekin tahrirchi bu ma'lumotlarni o'qimagan ko'rinadi.

Tahrirchi Kurakoyoqlilar eskirib qolganligi, uni Yirtqichlar turkumiga kirishini eslab o'tadi.

Kurakoyoqlilarni Yirtqichlar turkumi tarkibiga kiritilishi asosan genetik analizga asoslangan. Hayvonlar sistematik o'rnini belgilashda genetik ma'lumotlar muhim ahamiyatga ega. Lekin muayyan belgini namoyon bo'lishida bitta emas, bir necha gen ishtirok etishi mumkin. Bundan tashqari, faol bo'lmagan (uyqudagi), lokal va lokal bo'lmagan genlar ham mavjud. Hayvonlar sistematikasida ekologik, fiziologik (hayot tarzi) va geografik dalillar ham muhim ahamiyatga ega. Bunday dalillar hozircha yetarli emas. Shu sababdan o'rta va oliy maktab darsliklarida bu ikki turkum hanuzgacha alohida o'rganib kelinmoqda.

Tahrirchi 42-betda «bolalar gijjasi» termini orqali darslik muallifi Amerika kashf qilmoqchi, deydi.

Aslida darslik muallifi «bolalar gijjasi» termini orqali hech narsa kashf etmoqchi emas. Bu kashfiyotni allaqachonlar kashf etib bo'lishgan. Rus tilida bu parazit «detskaya ostritsa» deyiladi. Maktab va oliy maktab darsliklarida bu gijja «bolalar gijjasi» nomi ostida berilib kelinmoqda.

Tahrirchi darslikda sistematika (tasniflash) borasida ham chalkashlik mavjudligini ko'rsatadi. Uningcha, 7-bobning 1-qismi «Qisqichbaqasimonlar sinfi» deb atalgan. Qisqichbaqasimonlar – bo'g'inoyoqlilar tipiga kiruvchi yirik guruh, sinf emas. Shu bobda ma'lumotlari berilgan daryo qisqichbaqasi esa chuchuk suvda yashovchi o'noyoqli qisqichbaqalarning uch oilasini anglatuvchi tushuncha hisoblanadi..

Muallifning fikri chalkash va asossiz. Sistematikada «guruh» degan takson bo'lmaydi. Qisqichbaqasimonlar (rus tilida – Rakoobraznыye, lotin tilida - Crustacea) sinfning nomi hisoblanadi. Maktab darsligida faqat asosiy sistematik guruhlar (tip, sinf va tur) nomi ko'rsatiladi. Oraliq taksonlar (katta va kenja tip, katta va kenja sinf) va kichik takson (oila) faqat oliy ta'lim darsliklariga kiritiladi.

Tahrirchining fikricha, bo'g'inoyoqlilar tipining ko'plab xususiyatlari darslikda keng yoritilmagan, ularning nima uchun bunday deb atalishi o'quvchiga tushuntirilmagan.

Avvalo, tipning nomi «Bo'g'inoyoqlilar» emas, balki «Bo'g'imoyoqlilar» deb ataladi. Tipning nomi uning ma'nosini aniq ko'rsatib turibdi. Darslik hajmini qat'iy cheklanganligi unga o'quvchini qiziqtirishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni ko'proq kiritish imkonini bermaydi.

Darslik muallifi 27-paragrafda noaniqlik mavjudligini tan oladi. Mazkur paragraf mazmuniga ko'ra «Hasharotlarning ahamiyati va bo'g'imoyoqlilarning kelib chiqishi» deb nomlanishi kerak edi. Bizning fikrimizcha, 39-paragraf «Sudralib yuruvchilarning xilma xilligi: Tangachalilar turkumi» to'g'ri nomlangan. Lekin 40-paragraf ham Sudralib yuruvchilarning xilma-xilligi iborasi bilan boshlanishi kerak edi.

Tahrirchi Rustam Ibragimov o'z maqolasiga «Zoologiya yoxud qushlar sinfi faqat ko'k kaptarlardan iborat(mi?)» degan sarlavha qo'ygan. U qushlar haqidagi o'ttiz bir betlik ma'lumotning uchdan bir qismi ko'k kaptarga bag'ishlanganligini qayd etgan.

Albatta, qushlar faqat ko'k kaptardan iborat emas. Darslikda ko'k kaptar misolida qushlarning tashqi va ichki tuzilishi, pat qoplamiga umumiy tavsif berilgan. Hayvonlarning boshqa yirik guruhlari ham bitta tipik vakil misolida o'rganiladi.Tahrirchi sanoqdan adashgan bo'lsa kerak. Ko'k kaptar to'g'risidagi ma'lumotlar 31 betlik ma'lumotning uch bir qismini emas, balki oltidan bir qismidan kamrog'i ( 5 bet) ni tashkil qiladi.

R. Ibragimov ko'rsatishicha ilonlar, toshbaqalar, timsohlar haqida nihoyatda oz va quruq, zerikarli yo'sinda ma'lumot berilgan. Ko'pchilik yoshlar qiziqadigan buqalamun, kondor echkemari xususida esa umuman gap-so'z yo'q.

Buqalamunni bilaman. Lekin Kondor echkemarini eshitmaganman.Tahrirchi Komod echkemarini nazarda tutgan bo'lsa kerak? Darhaqiqat, hayvonot dunyosi ajoyibotlarga juda boy. Afsuski, bunday ma'lumotlarni bitta darslikka joylashtirishni imkoni bo'lmaydi. Maktab darsligi asosan o'lkamizda keng tarqalgan hayvonlar to'g'risida kengroq ma'lumot beradi.

Tahrirchi R. Ibragimov nazarida paleontologiya ilmida o'rganiladigan dinozavrlar, uchuvchi reptiliyalar, mozozavrlar(?), mamontlar va boshqa qirilib ketgan jonzotlar haqida lom-mim deyilmaganligi darslikning jiddiy nuqsoni hisoblanadi. Ko'l baqasini o'rganishga ortiq darajada e'tibor qaratish o'rniga shunday mavzularni ham kiritsa bo'lardi.

Tahrirchi fikricha, qirilib ketgan dinozavrlarni o'rganish qo'l baqasiga nisbatan muhimroq hisoblanadi. Lekin darslikka hayvonlar to'g'risida ma'lumot beradigan yagona bilim manbasi – hayvonot dunyosining ko'p tomlik entsiklopediyasi sifatida qaramaslik kerak. Ko'proq ma'lumot olish uchun boshqa manbalardan ham foydalanish zarur.

Tahrirchi R.Ibragimov 7-sinf Biologiya (Zoologiya) darsligi jiddiy tahrirga muhtojligi to'g'risida xulosa chiqaradi. Lekin u darslikdagi qaysi ma'lumotlarni (ilmiy, grammatik, terminologik, sistematik) ma'lumotlarni tahrir qilish kerakligini ko'rsatmagan.

Darslikni diqqat bilan ilmiy tahlil qilishga Tahrirchining vaqti va imkoniyati bo'lmagan ko'rinadi. U maktab darsliklariga qo'yiladigan talablar bilan umuman tanish emas. Shu sababdan, uning zoologiya darsligi bo'yicha ko'rsatib o'tgan ko'p kamchiliklari ilmiy asosga ega emas.

Maktab darsligiga faqat yagona muallif mehnatining mahsuli sifatida qaramaslik kerak. Zoologiya darsligini yaratishda zoologiya sohasida mutaxassislar bilan birga ko'plab ekspertlar va maktab o'qituvchilari ham ishtirok etgan. Muallif hurmatli Tahrirchi R.Ibragimovga zoologiya darsligi ekspertizasida faol ishtirok etganligi va ochiq fikr bildirgani uchun o'z minnatdorchiligini izhor etadi.

Muallif: Ochil Mavlonov

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu