Ma'ruzalar

.

XALQ TAʼLIMI VAZIRINING AXBOROT SIYOSATI MASALALARI BOʻYICHA MASLAHATCHISI L.RUSTAMOVANING 2021-YIL 22-APRELDA OʻTKAZILGAN BRIFING MAʼRUZASI

22-aprel 2021-yil
image

Assalomu alaykum Hurmatli yurtdoshlar!

Bugun eʼtiboringizga soʻnggi vaqtlarda Halq taʼlimi sohasiga doir kelib tushayotgan savollarga javob berib oʻtishga harakat qilamiz.

Soʻnggi kunlarda yurtimizda epidemiologik vaziyat yomonlashgani bois ayrim maktablarda taʼlim anʼanaviy shakldan onlayn shaklga oʻtmoqda. Mavzu yuzasidan fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan koʻplab savollar kelib tushmoqda. Xoʻsh, qanday holatda maktablar onlayn taʼlim shakliga oʻtkazilmoqda va onlayn taʼlim qancha davom etadi?

Javob: Joriy yilning 18-aprelidan Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan yurtimizda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilinishini nazorat qilish tadbirlari yanada kuchaytirildi.

Maktablarda oʻqituvchi va oʻquvchilari orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari aniqlangan taqdirda, Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlari tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi va tuman (shahar) hokimligiga taklif kiritib, Halq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari yoki hududiy komissiya qarorlari bilan ayrim maktablarning faoliyati vaqtincha toʻxtatilib, 2 haftaga karantinga olinmoqda. Ushbu vaqt mobaynida mazkur maktablar onlayn tartibida faoliyat yuritadi.

Maʼlumot uchun: Bugungi kun (22-aprel holatiga koʻra, Respublika boʻyicha jami 10008 ta maktabdan 163 tasi, yaʼni 1,6% maktablar masofaviy taʼlim shakiliga oʻtkazilgan, yaʼni karantinga olingan. Bu rakamlar Sanitariya-epidemiologik xizmat markazlarining talabnomalaridan kelib chikib, oʻzgarib boradi.

Shu oʻrinda masofaviy taʼlim shakliga oʻtkazilgan oʻquvchilarga Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda “Onlayn maktab” loyihasi yoʻlga qoʻyilganini eslatib oʻtamiz. Bunda 1-4-sinflar “National Geographic” telekanalida, 5-8-sinflar “Eurosport”, “TVS” hamda 9-11-sinflar “Oxota i rыbalka” hamda “Fashion TV” telekanallari orqali uydan turib taʼlim olishlari mumkinligini yana bir bor eslatib oʻtamiz.

2020-2021 oʻquv yili uchun “Onlayn maktab” ruknida jami 17298 ta televizion darslar oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida tasvirga olingan va ulardan 15362 tasi efirga uzatilgan.

Mazkur jarayonga 218 nafar tajribali fan oʻqituvchilari, 12 nafar surdo-tarjimon, 33 nafar muharrirlar jalb qilingan.

“Onlayn maktab” ruknidagi televizion darslar joriy yilning

25-mayiga qadar mazkur telekanallarda efirga berib boriladi. Shuningdek, uzeduonlinemaktab telegram kanali orqali oʻquvchilar darslarni qayta koʻrib chiqish imkoniyatlari ham mavjud.

 

SAVOL: Bugungi kunda ota-onalarni qiziqtirayotgan yana bir muhim savollardan biri bu bolalarning 6 yoshdan maktabga qabuli bilan bogʻliq.

Bunga javoban XTV quyidagilarni maʼlum qiladi:

2020-yilning 23-sentyabr kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi Qonunning 9-moddasida: “Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi” deb belgilab qoʻyilgan.

Masalan, kelgusi 2021/2022 oʻquv yilida 1-sinfga chiqadigan bolalar 2021-yilning 31-dekabriga qadar yetti yoshga toʻladigan boʻlishi, yaʼni 2014-yilning 31-dekabr kuniga qadar tugʻilgan boʻlishlari lozim.

Shu oʻrinda, ota-onalarga farzandlarini maktabga sifatli tayyorlash maqsadida maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida 6 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni boshlangʻich taʼlimga bir yillik majburiy tayyorlash tizimi joriy etilganini eslatib oʻtmoqchimiz.

Shu kunlarda Respublika boʻylab pedagog kadrlarning attestatsiya jarayonlari boʻlib oʻtmoqda va shu bois mazkur jarayon toʻgʻrisidagi savollarga ham oydinlik kiritib ketmoqchimiz.

Aytish joizki, joriy yilda oʻqituvchilarga oʻz toifalarini navbatdan tashqari oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratildi, yaxshi natija koʻrsatgan oʻqituvchilar oliy va birinchi toifaga ega boʻlib, oʻz oyliklarini oshirilishiga erishayotganliklarini alohida qayd etib oʻtmoqchimiz. Maktablarda dars soatlari taqsimotida Oliy va birinchi toifa oʻqituvchilarga eng koʻp soatlar berilishi ham ularning oylik maoshlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bundan tashqari taʼlim sifati past boʻlgan maktablarga ham faqat oliy va birinchi toifadagi oʻqituvchilar borsa 100 foizgacha ustama olinishi belgilangan. Yaqinda Kasaba uyushmalari bilan birgalikda eʼlon qilingan 6ta fan yoʻnalishidagi 30 million soʻm mukofotga ham aynan oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ega boʻlishi ham attestatsiya jarayonining oʻqituvchilar uchun ahamiyatini koʻrsatadi. Shuning uchun, barcha oʻqituvchilar oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishga hamda toifalarini koʻtarishga harakat qilishlari, maktablardagi taʼlim sifati ularning sifat tarkibi bilan bevosita bogʻliq jarayon ekanligini yana bir bor eslatib oʻtmoqchimiz.

Xoʻsh oʻqituvchilarning mazkur jarayonda bilimlari qanday baholanadi? Bu yerda ikkita muhim jihat mavjud. Birinchisi, hozirgi kunda oʻtkazilayotgan malaka toifa olish uchun attestatsiya test sinovlaridan baho olish — bu attestatsiyadan oʻtdi degani emas.

Attestatsiya jarayonida baholash mezonlari quyidagilar :

1) birinchi bosqichda — attestatsiyadan oʻayotganlarning oʻquv fani boʻyicha malaka sinovi natijalari, dars oʻtish mahorati va mehnati samaradorligi ekspert guruhi tomonidan oʻrganiladi hamda tegishli tavsiyalar tayyorlanadi;

2) ikkinchi bosqichda — attestatsiya komissiyalari ekspert guruhi tomonidan oʻrganilgan birinchi bosqich natijalari tahlil qilinadi, attestatsiya jarayonida toʻplangan hujjatlar jamlanmasini (portfoliosini) oʻrganadi va pedagog kadrni malaka toifasida (lavozimida) qoldirish yoki boshqa toifa (lavozim) berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

Ikkinchi jihat, Oliy malaka toifali lavozimidagi pedagog kadr baholash mezonlarining har biridan:

- 75 foiz va undan yuqori koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) saqlansin”;

agar 75 foizdan past koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtmadi, birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi)ga tushirilsin” degan qaror qabul qilinadi;

Birinchi malaka toifali lavozimidagi pedagog kadrlarni baholash mezonlarining har biridan:

- 75 foiz va undan yuqori koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) berilsin”;

- 74 foizdan 65 foizgacha koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi) saqlansin”;

- 65 foizdan kam koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtmadi, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi)ga tushirilsin” degan qaror qabul qilinadi.

Ikkinchi malaka toifali lavozimidagi pedagog kadr baholash mezonlarining har biridan:

- 65 foiz va undan yuqori koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi) berilsin”;

- 64 foizdan 60 foizgacha koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) saqlansin”;

- 60 foizdan kam koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtmadi, mutaxassis (oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga tushirilsin”;

Mutaxassis oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadr baholash mezonlarining har biridan:

- 60 foiz va undan yuqorikoʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi) berilsin”;

- 59 foizdan 55 foizgacha koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtdi, mutaxassis (oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimi saqlansin”;

- 55 foizdan kam koʻrsatgichga ega boʻlsa - “Attestatsiyadan oʻtmadi, mutaxassis (oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb topiladi.

SAVOL: Attestatsiya mavzusidagi navbatdagi savol. Men navbatdan tashqari attestatsiyaga topshirdim. Shunda agar men attestatsiyadan oʻtmasam, toifam tushiriladimi?

Yoʻq tushirilmaydi. Navbatdan tashqari attestatsiyaga topshirib oʻta olmagan oʻqituvchining malaka toifasi tushirilmaydi, mavjud toifasi saqlanib qolinadi.

KEYINGI SAVOL: Men mutaxassis oʻqituvchi sifatida attestatsiyaga jalb qilinib, 55 foizdan kam ball toʻpladim. Keyingi attestatsiyaga qachon va qaysi shartlarga koʻra jalb qilinaman?

Attestatsiya komissiyalari mutaxassis, oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi lavozimidagi pedagog kadrlar boʻyicha “Attestatsiyadan oʻtmadi, mutaxassis (oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas” qarorini qabul qilsa, ular navbatdan tashqari malaka oshirish kurslariga yuboriladi hamda keyingi yilda qayta attestatsiyaga jalb etiladi.

SAVOL: Agar men mutaxassis oʻqituvchi sifatida birinchi marta attestatsiyaga jalb qilinib, 55 foizdan kam ball toʻplab, attestatsiyadan bu safar ham kelgusi yil ham oʻta olmasam unda nima boʻladi?

Attestatsiya komissiyalari qayta attestatsiyaga jalb etilgan pedagog kadrlar boʻyicha “Attestatsiyadan oʻtmadi, mutaxassis (oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimiga muvofiq emas” deb topilsa, ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mehnat haqidagi qonunlarda belgilangan tartibda bekor qilinadi.

SAVOL: Jismoniy tarbiya oʻqituvchilari attestatsiyadan qanday oʻtadi?

Amaldagi qonunchilikka binoan xalq taʼlimi tizimida jismoniy tarbiya oʻqituvchilarining attestatsiyasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda oʻtkaziladi. Jismoniy tarbiya oʻqituvchilari test topshirmaydi. Ular amaliy va nazariy ( bilet savollari) sinovlar orqali attestatsiyadan oʻtadi. Shuningdek, quyidagi jismoniy tarbiya oʻqituvchilari uchun imtiyozlar mavjud:

tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining 1-oʻrin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – ikkinchi malaka toifasi (katta oʻqituvchi lavozimi);

- viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining 1-oʻrin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – birinchi malaka toifasi (yetakchi oʻqituvchi lavozimi);

- xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining 1, 2 va 3-oʻrin sovrindorlarini tayyorlaganlarga – oliy malaka toifasi (bosh oʻqituvchi lavozimi) beriladi.

Bizda buguncha shular edi. Sizlarga salomatlik tilagan holda keyingi brifinggacha hayrlashamiz. Salomat boʻling!

info@uzedu.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu