Barkamol avlod tarbiyasi eng ustuvor va ulug‘vor vazifadir

Bugun mamlakatimizning shahar-u qishloqlarida bunyod etilayotgan zamonaviy yangi ishlab chiqarish korxonalari, madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy obektlar, namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan uy-joylar ularning ko‘rkiga ajib bir tarovat baxsh etib turibdi.
Ayniqsa, o'ziga xos va betakror qiyofaga ega ta'lim-tarbiya muassasalari, tom ma'noda, ma'naviyat va ma'rifat maskanlariga aylanib ulgurdi.
Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganlaridek, “...biz bundan 17 yil oldin qabul qilgan, qo‘lga kiritayotgan barcha yutuq va marralarimizning omili va zamini bo'lgan, hammamizni, avvalo, bolalarimizning ongu tafakkurini, hayotga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va istiqbolli maktab dasturi haqida alohida to‘xtalib o‘tishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Eski tizimning qolip va aqidalaridan xoli bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan va hayotga qaraydigan, Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir kuch sifatida maydonga chiqayotgan bugungi yosh avlodimiz ayni shu dasturlarning, biz amalga oshirayotgan tarbiyaviy ishlarimizning mahsuli, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi”. Ayni paytda respublikamiz xalq ta'limi tizimida 9698 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, ular eng so‘nggi rusumdagi kompyuter jamlamalari, zarur o‘quv-metodik adabiyotlarga ega bo‘lib, turli laboratoriya uskunalari va sport jihozlari bilan to‘liq ta'minlangan. Bunday sharoit va imkoniyat farzandlarimizning ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirishlarida, ham ma'nan, ham jismonan barkamol bo‘lib ulg‘ayishlarida hal qiluvchi omil bo'lmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi sohani o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlardan to‘la xalos etish, yuksak ma'naviy-axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishga asos bo‘ldi. Mazkur dastur Yurtboshimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” tamoyillariga qat'iy rioya etilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishiga erishildi.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy va mantiqiy davomi bo‘lgan Maktab ta'limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturining qabul qilinishi islohotlar ko‘lamini yanada kengaytirdi. Ushbu hujjat maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, uzluksiz ta'limning yagona tizimini shakllantirish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda asosiy dasturilamal bo‘lgani bilan ahamiyatlidir.
Aytish joizki, mazkur dastur asosida deyarli barcha maktablarda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 351 yangi maktab qurilgan bo‘lsa, 2470 tasi rekonstrutsiya qilindi, 3608 ta maktab kapital ta'mirlandi va 2072 tasi joriy ta'mirdan chiqarildi.
Belgilangan barcha vazifalar o‘z vaqtida bajarilgani barobarida, mamlakatimizda umumta'lim maktablari qurilishi bilan bog‘liq ishlar izchil davom ettirilmoqda. Buning natijasida 2011 — 2014 yillarda 61 yangi maktab binosi qurildi, 748 maktab binosi va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mukammal rekonstruktsiya qilindi, 635 maktabning bino va inshootlari mukammal ta'mirdan chiqarildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 787,1 milliard so‘m sarflandi.
Xalq ta'limi vazirligidan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2014 yilgi Investitsiya dasturiga binoan, respublikamiz bo‘yicha 381 ta'lim ob'ektida jami 275,5 mlrd. so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Ulardan 221 tasida 172,1 mlrd. so‘mlik rekonstruktsiya ishlari, 160 tasida esa 103,4 mlrd. so‘mlik mukammal ta'mirlash ishlari bajarildi.
Prezidentimizning 2013 yil 25 dekabrdagi qaroriga asosan, Umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta'mirlash hamda jihozlash bo‘yicha byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan 3 024 ta umumta'lim maktabi hamda 48 ta bolalar musiqa va san'at maktabi 106,2 mlrd. so‘mlik mebel, o‘quv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, sport anjomlari hamda musiqa cholg‘u-asboblari bilan jihozlandi.
— Bizning ta'lim muassasamiz ham ayni shu dastur asosida kapital ta'mirdan chiqarildi, — deydi poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 70-umumta'lim maktabi direktori Barno Qodirova. — Natijada binoning tom qismi, yoritish va isitish tizimlari to‘liq ta'mirlandi. Oynalari plastik romlarga almashtirildi, eshiklar yangilandi. Kimyo, biologiya va fizika xonalari o‘ziga xos ko‘rkam qiyofa kasb etdi, yangi mebel bilan jihozlandi. Ayniqsa, boshlang‘ich chet tili xonalari uchun texnika vositalari ajratilgani farzandlarimizning xorijiy tillarni puxta o'rganishiga xizmat qilayapti. Shu kunlarda informatika xonalariga ham eng so‘nggi rusumdagi kompyuter uskunalari o‘rnatilmoqda.
Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlarni yurtimizning chekka-chekka hududlaridagi zamonaviy ta'lim maskanlari qiyofasida ham ko'rishimiz mumkin. Zero, ta'lim-tarbiyaning uzviyligini ta'minlash borasidagi ezgu sa'y-harakatlar farzandlarimizning hech kimdan kam bo‘lmay, o‘z iqtidor va iste'dodini yuzaga chiqarishlari uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. 
29.01.2015 16:00:00