Joriy oʻquv yilida 1200 ta maktablarda ota-onalar qogʻozli kundalik sotib olmaydi, elektron kundalikdan foydalanadi

 

Hurmatli ota-onalar!

Bu yilgi yangi oʻquv yilidan boshlab Respublikamizning 1200 ta maktabida qogʻoz kundaliklar va jurnallar bekor qilinadi. Bu bir tomondan oʻqituvchilarni qogʻoz jurnallarni toʻldirish va hisobotlarni qoʻlda yozishga ketadigan vaqtlarini iqtisod qilish bilan birga ota-onalar va maktab orasida elektron hamkorlikni yana-da yuqori darajaga koʻtarishga xizmat qiladi.

Elektron kundalik sizlarga onlayn rejimda maktabdagi barcha voqealar va farzandingizning baholaridan xabardor boʻlish, sinf rahbarlari va boshqa oʻqituvchilar bilan aloqani ushlab turish hamda bolaga taʼlim jarayonidagi qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga oʻz vaqtida yordam berish imkonini yaratadi.

Kundalik.com TAS-IX zonasida joylashgan boʻlib, platforma bilan ishlaganda barcha operatorlar, jumladan mobil operatorlar tomonidan internet-trafik sarflanmaydi. Foydalanuvchilar haqidagi hamma maʼlumotlar «Oʻzbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu taʼlim jarayonining barcha ishtirokchilari haqidagi shaxsiy maʼlumotlar ishonchli himoya ostida ekanini bildiradi.

Ushbu tizimga toʻliq oʻtish orqali, ota-onalar sinf rahbari bilan Telegram va boshqa messenjerlar orqali bogʻlanishiga hojat qolmaydi, natijada unga ketayotgan trafik ham iqtisod qilinadi va Telegram orqali shaxsiy maʼlumotlarni tarqab ketishi oldi olinadi.

Qator tadqiqotlarga koʻra, ota-ona nazoratini his qiladigan bolalarning oʻqishga qiziqishi yuqori boʻladi, ular darslarda faolroq qatnashadi hamda oʻz isteʼdodlari va salohiyatini koʻproq namoyish etadi.

Oxirgi 2 yilda oʻqituvchilar uchun majburiy boʻlgan 7 ta hujjat oʻrniga, faqat shu 1 dona elektron jurnal tizimi bilan ishlash boʻyicha imkoniyat yaratildi. Qogʻozdan butunlay voz kechib, elektron jurnalga oʻtilishi oʻqituvchining ham ishini yengillashtiradi va vaqtini tejash imkonini beradi. Tejalgan vaqtni oʻqituvchi oʻquvchilar bilan ijodiy ishga yoki oʻzining kasb mahoratini oshirishga sarflashi mumkin.

Xalq taʼlimi vazirligi 2020-2021 oʻquv yili boshlanishidan oldin Toshkentdagi barcha hamda viloyatlardagi mingga yaqin maktab oʻquvchilarning ota-onalariga qogʻoz kundalik xarid qilish oʻrniga uning elektron muqobili Kundalik.comga obuna boʻlish zarurligini maʼlum qiladi. Elektron Kundalik joriy etilayotgan Respublikaning qolgan hududlaridagi maktablardagi ota-onalarga maktab maʼmuriyati tomonidan bu haqda eʼlon qilinadi.

Kundalik.comga obuna boʻlish bahosi qogʻoz kundalikning oʻrtacha bahosiga teng (bir yilga 10 ming soʻm). Dastlabki oy davomida ota-onalar tizimdan sinov tariqasida foydalanish imkoniyati mavjud.

Share to: