“Zamonaviy maktab”lar uchun zamonaviy o‘qituvchilar saralanmoqda

Poytaxtimizning Sergeli tumanida har biri 1680 o‘quvchiga mo‘ljallangan to‘rtta “Zamonaviy maktablar” qurildi va ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mazkur maktablar yaqin kunlar ichida o‘quvchilarni qabul qiladi. Hozirgi kunda maktablarga o‘qituvchilarni tanlash jarayoni amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 550 nafardan ziyod mutaxassis “Zamonaviy maktablar”da ishlashga talabgor bo‘ldi. Ulardan eng yaxshilarini tanlab olish uchun testlar o‘tkazildi.
Joriy yilning 26-27-fevral kunlari A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Zamonaviy maktab”larda faoliyat olib borishga tavsiya etilayotgan, 550 nafardan ziyod talabgor — umumta’lim fani o‘qituvchilari mutaxassislik fanlari, AKT va fanni o‘qitish metodikasi bo‘yicha onlayn test sinovlarida ishtirok etdi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Sergeli tumanida yangi tashkil etilayotgan mazkur maktablarda 292 nafar o‘qituvchilar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilib, yosh, bilimli va tashabbuskor pedagoglar ish bilan ta’minlanadi.
Ayni kunga qadar yangi tashkil etilgan 329-maktabning o‘ziga 1467 nafar o‘quvchi o‘tish istagini bildirib, ota-onalari tomonidan ariza topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Toshkent shahrida 47 ta “Zamonaviy maktab”lar tashkil etilmoqda.
Ularda pedagog kadrlar sifatini yanada yaxshilash maqsadida yosh, shijoatli, tashabbuskor, tashkilotchi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallagan o‘qituvchilardan nomzodlar ro‘yxati shakllantirib, ular tarkibidan har tomonlama bilimli o‘qituvchilarni saralab olish rejalashtirilgan.

Share to: