Yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi

Xalq taʼlimi vazirligining navbatdagi yigʻilishi 2020-yilning 17-noyabr kuni ZOOM platformasida videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilishda 2020-yil davomida tizimdagi umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi, oʻquvchilar oʻrtasida suitsid holatlarining oldini olish yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar hamda mavjud kamchiliklar muhokama qilindi.

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari, Toshkent shahar va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarma boshliqlarining oʻrinbosarlari (maʼnaviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari taʼlim boʻlimi boshligʻi), tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari shoʻba mudirlari (maʼnaviy-axloqiy tarbiya va maktabdan tashqari taʼlim yoʻnalishida) va umumtaʼlim maktablari direktorlari ishtirok etishdi.

154img20201117114153.jpg

Oʻz maʼruzasi davomida Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Dilshod Kenjayev joriy yil davomida respublikada umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida turli xil gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning sodir etilishi koʻrsatgichlari oʻtgan yilning shu davri bilan solishtirganda ayrim hududlarda oshib ketganligini taʼkidlab oʻtdi.

Xususan, vazir oʻrinbosari joriy yilning oʻn oyi holatiga respublikamizning Buxoro va Fargʻona viloyatlarida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasidagi baʼzi jinoyat turlari oshgani kabi kamchiliklarni keskin tanqid qildi hamda yuzaga kelgan holatlarning asl sabablari boʻyicha jinoyat sodir etgan oʻquvchilarning maktab direktorlari bilan bogʻlanildi.

Yigʻilishda 2020-yil davomida mamlakatimizda Covid-19 virusi tarqalishi bilan bogʻliq murakkab vaziyat hukm surayotganiga qaramasdan kelajagimiz egalari boʻlgan oʻquvchi-yoshlar tarbiyasiga qoʻshimcha masʼuliyat bilan yondashish, xulqida ogʻishi boʻlgan oʻquvchilarning har biri bilan yakka tartibdagi manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish va umumtaʼlim maktablaridagi tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirishga katta eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari oʻrtasida suitsidal holatlarning oldini olishda maktab psixologlari faoliyatini takomillashtirish, ularda zamonaviy metodikalardan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish lozimligi alohida aytib oʻtildi.

img20201117120235-2.jpg

Shuningdek, oʻz lavozim majburiyatiga nisbatan sovuqqonlik bilan yondashgan soha vakillariga nisbatan amaldagi qonunchilikka asosan intizomiy choralar koʻrilishi boʻyicha qatʼiy ogohlantirildi.

Yigʻilish yakunida taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali yoʻlga qoʻyish borasida tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

 

Share to: