Variativ oʻquv rejalar doirasida majburiy fanlar soni 9 taga oshirildi

Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazish doirasida oʻqitiladigan majburiy fanlar soni 8 tadan 9 taga oshirildi.

Joriy yilning 20-fevral kuni Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov “Xalq taʼlimi vazirining 2019-yil 28-dekabrdagi 405-buyrugʻi bilan tasdiqlangan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalarini tajriba-sinovdan oʻtkazish boʻyicha tavsiyaga oʻzgartirishlar kiritishlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻini imzoladi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida oʻqitila boshlandi. Tajriba sinov 2019-2020 oʻquv yili yakuniga qadar oʻtkaziladi.

Variativ oʻquv rejalarini joriy qilishdan maqsad oʻquvchilarning oʻzi qiziqqan fanlarni chuqur oʻrganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash va yuqori sinflarda oʻquv jarayonini kasblarga yoʻnaltirilgan holda tashkil etishdan iborat.

Variativ oʻquv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy boʻlib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali oʻqituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

Hujjatga koʻra, variativ oʻquv rejalar doirasida majburiy fanlar qatoriga chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani kiritilmoqda.

Avval ona tili va adabiyoti, oʻzbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, maʼnaviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya fanlari majburiy fanlar qatorida oʻqitilar edi.

Yana bir majburiy fanning joriy etilishi natijasida tanlov fanlariga ajratilgan soatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Endilikda majburiy fanlarga ajratilgan soatlarning miqdori tayanch oʻquv rejada belgilangan miqdordan — 10-sinfda jami 20,5 soatdan, 11-sinfda 21 soatdan — kam boʻlmasligi lozim (avval 10-sinfda jami 19 soatdan, 11-sinfda 19,5 soatdan).

Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun haftada 10-sinfda jami 9,5 soat (avval 11 soat), 11-sinfda 10 soat ajratiladi.

Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun ajratilgan soatlarni yoʻnalishlar boʻyicha tegishli fanlar uchun quyidagicha taqsimlash tavsiya etiladi:

Xorijiy til va filologiya yoʻnalishida: 10-sinfda “Chet tili” fani 4,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat, 11-sinfda “Chet tili” fani 4 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat oʻqitilishi mumkin;

Moliya – iqtisod yoʻnalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 5 soat, “Chet tili” fani 4,5 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 5 soat, “Chet tili” fani 5 soat oʻqitilishi mumkin;

Texnologiya yoʻnalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 3,5 soat, “Fizika” fani 6 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 4 soat, “Fizika” fani 6 soat oʻqitilishi mumkin;

Tabiiy fanlar yoʻnalishida: 10-sinfda “Biologiya” fani 4,5 soat, “Kimyo” fani 5 soat, 11-sinfda “Biologiya” fani 5 soat, “Kimyo” fani 5 soat oʻqitilishi mumkin;

Gumanitar yoʻnalishida: 10-sinfda “Tarix” fani 4,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat, 11-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 5 soat oʻqitilishi mumkin.

Eslatib oʻtamiz, maktablar imkoniyatini hisobga olgan holda yanvar oyi davomida oʻquvchilar orasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar natijasiga koʻra variativ oʻquv rejalar respublika boʻyicha jami 627 ta (maktablarning umumiy soniga nisbatan — 6,3%) umumiy oʻrta taʼlim maktablarida tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda.

Mazkur maktablarning 10-11-sinflarida jami 1 035 ta (10-11 sinflarning umumiy soniga nisbatan 2,8%) tanlov sinflari (10-sinflarda 565 ta, 11-sinflarda 470 ta) tashkil etildi.

Mazkur sinflarda jami 27 166 nafar (10-sinf: 15 477 nafar, 11-sinf: 11 689 nafar) oʻquvchi taʼlim olmoqda.

Soʻrovnoma natijalariga koʻra, ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishida 328 ta tanlov sinfi tashkil etildi va ularda 8 785 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.

Moliya-iqtisod yoʻnalishida 6 106 nafar oʻquvchi oʻqish istagini bildirdi. Natijada, 251 ta tanlov sinfi tashkil etildi.

Xorijiy til va filologiya yoʻnalishidagi 195 ta tanlov sinfida 5397 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.

Tabiiy fanlar yoʻnalishidagi 134 ta tanlov sinfi tashkil etildi va ularda 3473 nafar oʻquvchi qabul qilindi. 3 405 nafar oʻquvchilar texnologiya yoʻnalishidagi 127 ta tanlov sinflarda bilim olmoqda.

Share to: