"Oʻzbek tili boʻyicha eng yaxshi videodars" tanlovining gʻoliblari pul mukofoti bilan taqdirlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida umumtaʼlim maktablarida oʻzbek tili oʻqitish metodikasini takomillashtirish va ommalashtirishga qaratilgan “Oʻzbek tili boʻyicha eng yaxshi videodars” uslubiy-ijodiy ishlar tanlovi tashkil etildi.

Mazkur tanlovning maqsadi Xalq taʼlimi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilarning ona tili (oʻzbek tili) oʻqitish metodikasini takomillashtirishga qaratilgan ijodiy ishlarini qoʻllab-quvvatlash, ona tili fanining oʻqitilishi boʻyicha ilgʻor pedagogik faoliyatni keng targʻib etish hamda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishdan iborat.

Tanlovga umumtaʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan ona tili va oʻzbek tili fanlari oʻqituvchilari amaldagi oʻquv dasturlari asosida ikki yoʻnalishda: oʻzbek tili hamda ona tili fanlari boʻyicha ijodiy ishlarini taqdim etishdi. Joriy yilning 20-avgustidan 20-sentabriga qadar davom etgan tanlov uchun tayyorlangan videodars va uning taqdimoti elektron shaklda @videodars_newbot telegram boti orqali qabul qilindi. Ona tili oʻqituvchilaridan qabul qilingan 4 mingdan ortiq videodarslar 2020-yilning 20-sentabridan 10-oktabriga qadar hakamlar hayʼati tomonidan saralandi hamda 15-oktabrga qadar boʻlgan muddatda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida onlayn ovoz berish uchun havola etildi.

Gʻoliblarni tantanali ravishda taqdirlash marosimi poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 238- umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Tanlov yakuniga koʻra, ikki yoʻnalishi boʻyicha 1-, 2-, 3-oʻrin sohiblari quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan Oʻzbek tili bayrami arafasida taqdirlandilar:

1- oʻringa bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobarida;

2-oʻringa bazaviy hisoblash miqdorining 35 barobarida;

3-oʻringa bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobarida 

Share to: