Yuqori natija koʻrsatgan maktab direktorlari yuqori lavozimlarga va mukofotlarga tavsiya etiladi, past natija koʻrsatgan direktorlarning esa lavozimga loyiqligi koʻrib chiqiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida oʻtkazilgan navbatdagi videoselektor yigʻilishida joylarda rahbar kadrlar bilan ishlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Xalq taʼlimi vazirligi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga tavsiya etilgan nomzodlarning tahlili va bu borada amalga oshirilgan ishlar, nomzodlarni tavsiya etish boʻyicha yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar alohida tanqidiy ruhda tahlil qilindi.

Sherzod Shermatov xalq taʼlimi sohasida muammolarning tizimli ravishda hal qilinib, yuqori natijalarga erishilishida munosib kadrlarni tanlash va tayinlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Bugungi kunda Xalq taʼlimi vazirligi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar viloyat boshqarmalari tomonidan malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlanmayotganligi, ish.uzedu.uz portali yoʻlga qoʻyilgan boʻlsada, joylarda nomzodlar ochiq mustaqil tanlov orqali shaffof tarzda saralab olinmayotganligi kabi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan Xalq taʼlimi vazirligi nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar boʻyicha jami 46 ta, shundan 35 ta tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, hududiy xalq taʼlimi boshqarmalarida 11 ta rahbarlik lavozimlari vakant hisoblanadi, 24 ta lavozimga tavsiya etilgan nomzodlar oʻrganilmoqda.

Yigʻilishda, noloyiq nomzod berish bilan chegaralanib qolayotgan hududiy rahbarlar faoliyatiga tanqidiy baho berildi.

Xususan, tegishli lavozimlarga tavsiya etilayotgan nomzodlarning faoliyatini yuzaki oʻrganish, hamda birorta bitiruvchisi oliy taʼlim muassasalariga kirmagan maktab direktorini tuman xalq taʼlimi boʻlimi rahbari lavozimiga tavsiya etish holatiga yoʻl qoʻygani uchun Surxondaryo viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi rahbari Ilhom Safarovga hayfsan eʼlon qilindi.

Barcha hududiy boshqarmalar bunday holatlarga yoʻl qoʻymasliklari boʻyicha qatʼiy ogohlantirildi, jumladan rahbar kadrlar bilan ishlashda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratish taʼkidlandi:

1) Yuqori natija koʻrsatgan maktab direktorlari yuqori lavozimlarga zaxiraga olinadi hamda tizimli ravishda soha va davlat mukofotlariga tavsiya etiladi. Xususan, 50 foizdan yuqori bitiruvchisi oliy taʼlim muassasalariga kirgan direktorlar Xalq taʼlimi vazirligining oʻziga xos “oltin zaxirasi”ga kiritiladi va ularni hech kim Vazirlik bilan kelishmasdan ishdan ozod eta olmaydi.

2) Past natija koʻrsatgan maktab direktorlari, xususan, birorta bitiruvchisi oliy taʼlim muassasasiga kirmaganlari lavozimiga loyiqlik masalasi koʻrib chiqiladi. Aynan shunday maktablarga tuman rahbarlari koʻproq borib, muammolarni oʻrganib, ularni natijalarini yaxshilashga harakat qilishi kerak.

Yigʻilishda respublikamiz umumtaʼlim maktablarida qizgʻin davom etayotgan 2020-2021 oʻquv yili uchun 1-sinfga oʻquvchilarni qabul qilinish jarayonida karantin qoidalariga rioya etish, korrupsiya holatlarini oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratish ham topshirildi.

Share to: