Oʻqituvchilarga vaqtinchalik toʻxtatilgan ustamalar 1-yanvardan toʻlanadi

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetining barqarorligini taʼminlash va xarajatlarni maqbullashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2020-yil 16-apreldagi 232-son bilan va 2020-yil 21-sentyabrdagi qarorlariga asosan byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga 1-yanvarga qadar moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi hamda direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlovlar hisoblanishini toʻxtatib turilgan edi.

Bugungi kunda ayrim hududlarda direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanishi lozim boʻlgan ustamalar hisoblanmayotganligi yuzasidan noroziliklar yuzaga kelmoqda. 2021-yilning 1-yanvardan boshlab mazkur ustamalarni toʻlanmasligi yuzasidan hech qanday koʻrsatmalar berilmaganligini maʼlum qilamiz.

Vaqtinchalik toʻxtatilgan ustamalar Ishchi guruhlarining 2020-yil 1-iyulga qadar qabul qilgan qarori va direktorning buyrugʻi asosida 2021-yil 1-yanvardan boshlab oʻrnatilgan tartibda toʻlab beriladi.

Xalq taʼlimi vazirligi barcha hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalariga pedagog xodimlarning oylik ish haqiga ustamalar toʻlanishini 2021-yil 1-yanvardan boshlab amalga oshirilishini, ustamalarni toʻlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan tegishli masʼullarga nisbatan intizomiy chora koʻrishni qatʼiy nazoratga olishni soʻraydi.

Share to: