Uyda yakka tartibda taʼlim olishni tashkil etish tartibi

Xalq taʼlimi va Sogʻliqni saqlash vazirligining “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2015-yil 30-iyunda 2691-son bilan Adliya vazirligidan roʻyxatdan oʻtkazilgan qaroriga asosan jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlari tashkil etiladi.

Uyda yakka tartibda taʼlim olish jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan, uzoq vaqt davolanishga muhtoj va tibbiy koʻrsatmalarga koʻra doimiy yoki vaqtincha umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) qatnay olmaydigan bolalar (bundan buyon matnda oʻquvchilar deb yuritiladi) uchun tashkil etiladi.

Oʻquvchilarning taʼlim olish huquqini taʼminlash maqsadida maktabning tegishli sinfida oʻqiyotgan bolalardan ikki yoshga oshgan oʻquvchilarni ham ushbu sinfda uyda yakka tartibda taʼlim olishga jalb qilishga ruxsat etiladi.

Uyda yakka tartibda taʼlim berishning asosiy maqsadi oʻquvchilarning taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash hamda ularning taʼlim olishlari uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.

Quyidagilar uyda yakka tartibda taʼlim berishning asosiy vazifalari hisoblanadi:

oʻquvchilarning umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan (aqli zaif bolalar uchun) maxsus taʼlim talablariga muvofiq bilim olishlarini taʼminlash;

barkamol, jismonan va maʼnaviy sogʻlom shaxsni voyaga yetkazish, oʻquvchilarda madaniy-maʼrifiy qadriyatlarni, fuqarolik va vatanparvarlik hislarini shakllantirish;

taʼlim berish jarayonida oʻquvchilarning sogʻligʻini himoyalovchi dars jadvaliga rioya etilishini taʼminlash.

Oʻquvchilarning uyda yakka tartibda taʼlim olishini tashkil etish

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2015-yil 10-iyundagi “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (30.06.2015-yil, 2691-son bilan roʻyxatdan oʻtgan) asosan tashkil etiladi.

Maktab direktorlari maktab joylashgan hududda yashaydigan oʻquvchilarni aniqlaydilar, roʻyxatga oladilar hamda ularni uyda yakka tartibda taʼlim olish uchun jalb qilish choralarini koʻradilar.

Oʻquvchini uyda yakka tartibda taʼlim olishini belgilash uning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining (bundan buyon matnda tibbiy-maslahat komissiyasi deb yuritiladi) tibbiy xulosasiga asosan tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.

Uyda yakka tartibda taʼlim berishning asosiy maqsadi oʻquvchilarning taʼlim olishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash hamda ularning taʼlim olishlari uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.

Поделиться в: