U yonuvchi piligdirki, atrofga nur taratur…

 

Biror bir soha yoʻqki, unga oʻqituvchilarimizning bevosita yoki bilvosita qoʻshgan hissalari boʻlmasin. Dunyoda oʻqituvchi va murabbiylarning bilimi, dono maslahati, aql-zakovati, mehr-muhabbatidan bahramand boʻlmagan biror kishi boʻlmasa kerak.

Toshkent shahri, Yashnobod tumanidagi 69-maktabda faoliyatini boshlagan Iroda har qanday ishni doim “aʼlo”ga bajarib, faol ustozlar safidan joy oldi. Oʻz malakasini tinimsiz oshirib, 2001-yil “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovining Respublika bosqichida gʻolib boʻldi.

Izlanuvchan muallima doimiy ravishda yangilik oʻrganib, dars jarayonida qoʻllashga harakat qildi. Nihoyat, oʻzi ham birinchilardan boʻlib interaktiv doskalar uchun videodars va multimedia ilovalarini yarata boshladi. 2010-yil esa 8- va 9-sinflar uchun “Funksiyalar” mavzusida koʻp funksiyali multimedia ilovasini Respublikada birinchi boʻlib yaratdi. Izlanishdan charchamay Koreyalik mutaxassislardan maslahatlar oldi. 7- va 10-sinf algebra darsliklari uchun multimedia ilovasi ssenariy muallifi boʻlgan I.Saibova oʻquvchilarda tanqidiy va kreativ fikrlashni shakllantirishga eʼtibor qaratdi.

2012-yil Xalqaro konferensiyada ishtirok etib, xalqaro ekspertlar uchun namunali dars oʻtish jarayonida oʻzbek oʻquvchilarining yuqori salohiyatini ochib berdi. Shu yili Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan I.Saibova “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga Respublika taʼlim markazining Ilmiy Kengash aʼzosi sifatida faoliyat yurita boshladi. Bir qator olimlar bilan xalq taʼlimini takomillashtirishda tinmay mehnat qildi.

Respublikada ilk bor tashkil etilgan “Aniq va tabiiy fanlar” forumida «Matematika darslarida multimediaviy trenajyorlardan foydalanish» mavzusidagi maʼruzalari boshqa maʼruzalardan oʻzgacha boʻlib, trening koʻrinishida tashkil etildi. Saibova I.B.ning ish tajribalari RTM ilmiy kengashida oʻrganib chiqildi va Respublikada ommalashtirildi.

Mahoratli ustoz “STEAM” metodikasini oʻrganish boʻyicha xalqaro vebinarlarda ishtirok etib, oʻz ish tajribalarida qoʻllay boshladi. Prezident maktabi oʻqituvchilari tanlovi uchun matematika fani va pedagogik metodikadan topshiriqlar tuzishda va ekspert sifatida ishtirok etdi.

Hozirda tajribali pedagog ilmiy kengash aʼzolari bilan birga xalqaro tajribalarni oʻrganib, matematikadan yangi zamonaviy dastur ishlab chiqish ustida ishlab kelmoqda. BMT va YUNESKO bilan birgalikda tashkil etilgan loyiha va oʻquvlarning faol ishtirokchisi tinmay yangi taʼlim standartlari, zamonaviy darslik va test yaratish ustida izlanmoqda.

Respublika taʼlim markazining “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” jurnalida bir qator maqolalari chop etilgan. Jumladan, “Matematika darslarida interfaol metodlardan foydalanish”, «Kombinatorik masalalarni yechish usullari», Xalqaro PISA tadqiqotlariga tayyormisiz?”, “PISA tadqiqotlar masalalarini yechamiz” maqolalari shular qatoridandir.

Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazida matematika fanidan qoʻllanma eksperti sifatida faoliyat yuritdi. Topshiriqlarni bajarish boʻyicha bir qator roliklar yaratdi. Yangidan-yangi yoʻnalishlar, jumladan kreativ fikrlash topshiriqlarini OECD saytidan olib, tarjima qilib, oʻquvchilar bilan ishlashdan charchamadi.

“Online-maktab” loyihasida birinchilardan boʻlib darslar syomkalarida qatnasha boshladi. Iroda Baxtiyarovna 130 tadan oshiq darslarni tayyorladi. Xizmatlari munosib taqdirlanib, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Iroda Saibova “Xalq taʼlimi fidoyisi” koʻkrak nishoni va faxriy yorliq bilan mukofotlandi.

Share to: