Hurmatli ota-onalar, oʻquvchilar va oʻqituvchilar!

2020-yilning 16-mart kunidan Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun taʼtil eʼlon qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi tomonidan taʼtilni mazmunli oʻtkazish boʻyicha quyidagilar tavsiya qilinadi.

Har bir sinfda oʻtiladigan fanlar boʻyicha oʻqituvchilar oʻzlarining taqvim mavzu rejalarini koʻrib chiqadi va taʼtilga qadar oʻtilishi kerak boʻlgan yangi mavzular qolgan boʻlsa, ularni oʻquvchilar uylarida darsliklardan mustaqil ravishda oʻrganib olishlari boʻyicha tushuntirish beriladi.

Oʻquvchilarga taʼtil vaqtida:

matematika, fizika, ximiya kabi asosiy fanlardan mustaqil ravishda misol va masalalar yechish;

oʻqish, odobnoma, adabiyot va tarix fanlaridan mavzularni mustaqil ravishda va ota-onalari bilan birgalikda oʻqish, mavzular haqida oilada oʻzaro suhbatlashish va fikr almashish;

xorijiy tillardan mustaqil ravishda lugʻatlar yodlash;

qoʻshimcha ravishda badiiy kitoblar oʻqish;

10-11-sinf oʻquvchilariga kelgusida kirmoqchi boʻlgan oliy oʻquv yurtining yoʻnalishiga qarab tegishli fanlardan qoʻshimcha tayyorlanish, ayniqsa barcha OTMlarga kirishda majburiy boʻlgan Oʻzbekiston tarixi, matematika va ona tili fanlarini takrorlash;

taʼlimiy elektron resurslardan (Khan Academy, Edu Market kabi resurslar) koʻproq oʻrganish tavsiya etiladi.

Oʻquvchilar qoʻshimcha taʼtilga chiqqan muddatlarda maktab pedagogika jamoasi oʻz faoliyatini davom ettiradi.

Sinf rahbarlari va fan oʻqituvchilariga qoʻshimcha taʼtil vaqtida oʻquvchilar va ularning ota-onalari bilan telefon orqali yoki messenjerlar yordamida bogʻlanish, ularga qoʻshimcha tavsiyalar berib turish vazifasi yuklatiladi.

Oʻquvchilarni qoʻshimcha taʼtilga kuzatishda ularga doimo sogʻlom turmush tarziga va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishi, qoʻllarni tez-tez sovunlab yuvib turishi, imkon darajasida odamlar koʻp toʻplangan joylarga bormaslik haqida tushuntirish ishlari olib borilishi tavsiya etiladi.

Share to: