6 oy tanaffusdan soʻng bugun 329 ta maktab oʻquvchilari uchun oʻz eshiklarini ochdi

Oʻzbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan soʻng, 16-martdan boshlab, anʼanaviy taʼlim jarayonlari vaqtinchalik toʻxtatilib, bolalar uy sharoitida onlayn tahsil olishni boshlagan edi.

Bugun, 6 oy deganda 7-sentyabr kuni 329 maktab oʻquv dargohini sogʻingan oʻquvchilar uchun oʻz eshiklarini ochdi.

Sanitariya xizmati markazlari 5-sentyabrga qadar maktablarning yangi oʻquv yiliga tayyorlik holatini oʻrganib, jamoaga qoʻshimcha oʻquv-treninglar oʻtkazdi, bunday treninglar hozirgi kunda ham davom etmoqda.

Maktablar faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tegishli qaror sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazining xulosasi asosida mahalliy xalq deputatlari kengashlari tomonidan qabul qilinadi.

Yangi 2020/2021 oʻquv yili rasman joriy yilning 14-sentyabr kunidan boshlanadi.

Eslatib oʻtamiz, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan soʻrovnomada 5 million 500 ming nafar ota-onadan 76 foizi taʼlim jarayonini maktabga qatnagan holda, yaʼni anʼanaviy shaklda olib borish tarafdori boʻlgan, 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni maʼqul koʻrishgan.

Share to: