TAʼLIM SOHASINING TURLI BOʻGʻINLARIDA TAJRIBAGA EGA BOʻLGAN XALQ TAʼLIMI VAZIRI OʻRINBOSARI TAYINLANDI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq Vaxobjon Turajanovich Rajapov Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu kunga qadar Vaxobjon Rajapov Fargʻona viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori lavozimida ishlab kelgan.

Shu bilan birga Vaxobjon Rajapov Namangan viloyati xalq taʼlimi tizimida turli boshqaruv lavozimlarida faoliyat olib borgan. Jumladan, davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori, Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi Tashxis markazi rahbari, Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Uning Namangan viloyati boshqarma boshligʻi lavozimidagi faoliyati davrida viloyat maktablari bitiruvchilarining oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichi boʻyicha hududlar orasida 4 pogʻona yuqoriga koʻtarilgan.

1971-yilda Namangan viloyati, Pop tumanida tavallud topgan Vaxobjon Rajapov Namangan davlat universitetida tarix-huquq fani oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha tahsil olgan.

Vaxobjon Rajapov “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.

Share to: