Poytaxtdagi 27-maktab direktori va oʻqituvchini ishdan boʻshatishni talab qilgan ota-onalar murojaati boʻyicha bayonot

2019-yil, 9-sentyabr kuni Toshkent shahridagi 27-maktabning 9-“V” sinf rahbari taʼlim muassasasi ichki tartib qoidasiga rioya qilmayotgan 4 nafar oʻquvchiga avval ham uzun sochini kaltalatish haqida ogohlantirilganini eslatib, tanbeh bergan. Soʻngra U.A ismli oʻgʻil bolaning qizgʻish sariq rangga boʻyalgan uzun, old kokil qismini kesmoqchi boʻlgan. Oʻquvchi ustozi qoʻlini kuch bilan qayirib, qarshilik koʻrsatgan. Natijada qaychi oʻqituvchining qoʻlida sinib, bosh barmogʻi qattiq lat yegan.

2019-yil, 10-sentyabr kuni oʻquvchilarning ota-onalari maktabga shikoyat bilan kelgan. Murojaat maktab maʼmuriyati va uchastka noziri tomonidan muhokama qilingan. Muhokama davomida oʻquvchilarga hech qanday tan jarohati yetkazilmaganligi maʼlum boʻlgan. Ammo oʻqituvchiga oʻquvchi tomonidan yetkazilgan tan jarohati yuzasidan uchastka noziriga yozma shikoyat berishi mumkinligi aytilsa-da, oʻqituvchi oʻzi taʼlim-tarbiya berayotgan, farzandidek boʻlib qolgan oʻquvchilari ustidan shikoyat qilishdan bosh tortgan.

Yuqoridagi holat boʻyicha oʻquvchilarning ota-onasi Prezident qabulxonasiga murojaat etgan. Murojaat tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan atroflicha oʻrganilgan. Oʻqituvchining xatti-harakati qonunga zid boʻlgani bois unga maktab rahbari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mehnat kodeksining 182-moddasida belgilangan intizomiy jazo sifatida “hayfsan” berilgan. 2020-yilning 3-yanvaridan boshlab, oʻqituvchi 9-“V” sinf rahbarligidan ozod etilgan.

Shundan soʻng 2 nafar oʻquvchining ota-onasi (sinfda 38 nafar oʻquvchi boʻlib, ulardan 36 nafarining ota-onasi oʻqituvchini olib borayotgan ish faoliyatidan mamnunligini bildirgan) tuman xalq taʼlimi boʻlimi va xalq taʼlimi vazirligidan 34 yil pedagoglik tajribasiga ega, ota-onalar tomonidan hurmatga sazovor va bir qancha shogirdlarni yetishtirishda xizmat qilib kelayotgan mazkur oʻqituvchining “pedagoglik” faoliyatini cheklashni soʻrab murojaat etgan. Murojaatga javoban pedagog faoliyatini cheklash xalq taʼlimi vazirligining vakolatiga kirmasligi tushuntirilgan.

Ushbu holatdan soʻng oʻquvchilarga maktab maʼmuriyati va oʻqituvchi tomonidan hech qanday bosim oʻtkazilmagan. Aksincha, oʻquvchilar dars mashgʻulotlaridan keyin qiziqishlari boʻyicha sport toʻgaraklariga jalb qilinib, tadbirlarda munosib ragʻbatlantirilgan.

Yuqoridagi holat boʻyicha 2019-yil, 18-oktyabrda Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani idoralararo komissiyasi yigʻilishining qaroriga asosan voyaga yetmagan B.L. ning onasi Borodenko A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining uch barobari, yaʼni 666900 soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan.

2019-yil, noyabr oyida voyaga yetmagan U.A. maktab ichki tartib qoidasiga, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarorida belgilangan talablarga xos boʻlmagan soch turmagida yurishi boʻyicha Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani idoralararo komissiyasiga murojaat qilingan. Voyaga yetmagan U.A. ning onasi Sayekeyeva Z. oʻgʻli bilan birga komissiyaga borishdan bosh tortgan. Bu holat bir necha marta takrorlanganidan soʻng 2019-yil, 29-noyabrda boʻlib oʻtgan Voyaga yetmaganlar idoralararo komissiyasi yigʻilishining qaroriga asosan voyaga yetmagan U.A. ning onasi Sayekeyeva Z.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi 1-qismiga asosan eng kam oylik ish haqining bir barobari, yaʼni 223000 soʻm miqdorida jarima qoʻllanilgan. Voyaga yetmagan U.A. yana shunday holatni takrorlasa, unga nisbatan qatʼiy chora koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilgan. Ammo hozirgi kunga qadar voyaga yetmagan U.A. soch turmagini oʻzgartirmasdan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi 666-sonli qarorida belgilangan talablarni bajarmay kelmoqda.

Mirzo Ulugʻbek tumani xalq taʼlimi boʻlimi

Share to: