Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamda IJF hamkorligida 20 ta maktabda dzyudo seksiyalari joriy etiladi

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mamlakatimizning yigirmata umumtaʼlim maktabida “Maktablarda dzyudo” dasturini amalga oshirishga kelishib oldi.

Joriy yilning 15-yanvarida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, IJF prezidenti Marius Vizer, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha hamkorlik bitimini imzoladi.

“Maktablarda dzyudo” IJF loyihasi boʻlib, dasturning asosiy maqsadi 5-12 yoshli bolalarni dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarga oʻrgatishdan iborat.

IJF dasturni amalga oshirishda maslahat va moliyaviy koʻmak berish orqali Milliy dzyudo federatsiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Dzyudo asoschisi Zigoro Kano mazkur kurash sanʼatini barkamol shaxsni shakllantirish vositasi, deb hisoblagan. Uning fikriga koʻra, dzyudo qurolsiz himoya emas, balki kundalik hayot falsafasidir. Dzyudochilarning sharaf kodeksi xushmuomalalik, jasorat, samimiylik, halollik, kamtarlik, oʻzini tuta bilish, doʻstga sadoqat hamda boshqalarga hurmat kabi fazilatlarni oʻz ichiga oladi.

ijf-signing1.png

Dastur doirasida IJF tomonidan har bir maktabga bir dona tatami va bolalar uchun 50 ta kimono taqdim etiladi. Bu esa Oʻzbekistonda dzyudo sportini rivojlantirib, oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazishga imkon yaratadi.

Taʼkidlash joizki, “Maktablarda dzyudo” dasturi yurtimiz maktablarida Oʻzbekiston Dzyudo federatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Endilikda mazkur dastur mamlakatning turli hududlaridagi 20 ta maktabni qamrab oladi. Ushbu maktablarda 900 nafarga yaqin oʻquvchilarning dzyudo bilan shugʻullanishi uchun toʻgaraklar tashkil etilgan.

IJF ushbu maktablarga tatami va kimono taqdim etadi hamda murabbiylarga haq toʻlaydi. Yangi kelishuv amalga oshirilishi jarayonida dastur joriy etilgan maktablar soni 40 taga yetadi.

-Mamlakatimiz Prezidentining beshta tashabbusi yurtimiz maktablarida faollik bilan amalga oshirilmoqda. Ikkinchi tashabbus - yoshlarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirish, ularning sport sohasida qobiliyatlarini namoyon etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamda IJF hamkorligi nafaqat boʻlgʻusi chempionlarni, balki barkamol avlodni tayyorlashga imkon beradi. Biz Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi hamda IJFning hamkorligi uchun minnatdormiz. Umid qilamizki, “Maktablardagi dzyudo” dasturi yanada koʻproq umumtaʼlim muassasalarini qamrab oladi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yildagi beshta tashabbusi doirasida sport seksiyalariga 1,1 milliondan ortiq oʻquvchi jalb qilindi.

Share to: