Taʼtil paytida oʻquvchilar onlayn olimpiadalarda ishtirok etishi mumkin

Oʻzbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun 2020-yilning 16-mart kunidan eʼtiboran qoʻshimcha taʼtil eʼlon qilindi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Onlayn olimpiadalarni tashkil etish hamda iqtidorli oʻquvchilar zahirasini shakllantirish” axborot tizimi olympiad.uzedu.uz veb-sayti ishga tushirildi. 

2020-yilning 24-mart kunidan boshlab, umumtaʼlim maktablarining 4-11-sinflari hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uchun 5 ta fandan - matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan - respublikamizda ilk bora onlayn olimpiada tashkil etiladi. 

Onlayn olimpiadada oʻquvchilar ixtiyoriy ravishda, masofaviy tarzda ishtirok etishlari mumkin. Olimpiadada ishtirok etish mutlaqo bepul boʻlib, buning uchun oʻquvchilar Xalq taʼlimi vazirligining olympiad.uzedu.uz vebsayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishi va tahsil olayotgan taʼlim muassasasi masʼul xodimi tomonidan elektron tarzda tasdiqdan oʻtishlari lozim boʻladi. Oʻquvchilardan olimpiada oʻtkaziladigan muddatdan kamida bir kun oldin roʻyxatdan oʻtishlari soʻraladi. 

Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta test savollaridan iborat boʻlib, ularni bajarish uchun har bir oʻquvchiga 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Ajratilgan vaqt yakuniga yetgach, oʻquvchilar oʻz reytinglarini koʻrishlari hamda olimpiadada ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarini elektron tizimdan yuklab olishlari mumkin.

Aziz oʻquvchilar, onlayn olimpiada oʻz bilimlaringizni sinash uchun qulay imkoniyatdir. 

Xalq taʼlimi vazirligi Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash Departamenti onlayn olimpiada ishtirokchilariga omad tilaydi! 

Share to: