Onlayn olimpiadalarda 3 oyda qariyb 500 ming iqtidorli oʻquvchi ishtirok etdi

Joriy yilning may-iyul oylarida Xalq taʼlimi vazirligining olympiad.uzedu.uz axborot tizimida qariyb 500 ming oʻquvchi roʻyxatdan oʻtdi va onlayn olimpiadalarda ishtirok etdi.

Axborot tizimida roʻyxatdan oʻtganlar umumtaʼlim maktablarining 4-11-sinf oʻquvchilari, shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda turli vazirliklar tasarrufidagi maktablar va nodavlat maktablar oʻquvchilaridan tashkil topgan boʻlib, ular matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari, ona tili va ingliz tili fanlaridan jami 38 ta onlayn olimpiadada ishtirok etdilar.

Onlayn olimpiadada oʻquvchilar ixtiyoriy ravishda, masofaviy tarzda ishtirok etishlari mumkin.

Olimpiadada ishtirok etish mutlaqo bepul boʻlib, buning uchun oʻquvchilar Xalq taʼlimi vazirligining olympiad.uzedu.uz vebsayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtishi va tahsil olayotgan taʼlim muassasasi masʼul xodimi tomonidan elektron tarzda tasdiqdan oʻtishi lozim boʻladi. Oʻquvchilardan olimpiada oʻtkaziladigan muddatdan kamida bir kun oldin roʻyxatdan oʻtishi soʻraladi.

Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha boʻlgan 20 ta test savollaridan iborat boʻlib, ularni bajarish uchun har bir oʻquvchiga 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Ajratilgan vaqt yakuniga yetgach, oʻquvchilar oʻz reytinglarini koʻrishlari hamda olimpiadada ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi sertifikatlarini elektron tizimdan yuklab olishlari mumkin.

Barcha oʻquvchilar QR-kodli ishtirokchi sertifikatiga, onlayn olimpiadada maktab, tuman (shahar), hudud, respublika reyting oʻrniga, axborot tizimida shaxsiy kabinetga, AKT sohasida oʻz koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Onlayn olimpiada Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli yoshlar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

“Onlayn olimpiadalarni tashkil etish hamda iqtidorli oʻquvchilar zahirasini shakllantirish” axborot tizimi olympiad.uzedu.uz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida joriy yilning fevral oyida ishga tushirilgan.

Axborot tizimining maqsadi oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, fanlarga oid qoʻshimcha materiallar bilan taʼminlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarni onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.

Respublikamizdagi barcha fan olimpiadalaridan xabardor boʻlish maqsadida @olimpdep telegram kanaliga ham aʼzo boʻlishni tavsiya qilamiz.

Share to: