Holatga aniqlik kiritildi

Termiz tumanidagi 6-sonli umumtaʼlim maktabida maktab direktori S.Yusupov, maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari A.Paygʻamov, maktab psixologi Sh.Yarashev, 11-sinf rahbari A.Qosimov, “ Soliobod” MFY raisi M.Xayriddinov, mahalla profilaktika inspektori V.Vohidov va boshqalar ishtirokida navbatdan tashqari yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda 11-“D “ sinf oʻquvchisi H.S.ning tartib-intizomi muhokoma qilindi.

Maʼlum boʻlishicha, H.S 2020-yil tungi soat 01:00 dan keyin uydan chiqib ketgan va yangi yil aksiyasi boʻlayotganini eshitib, Termiz shahri hududida joylashgan “Yubleynыy” savdo markaziga borgan hamda ushbu savdo markazi yonida yaxna ichimliklardan yasalgan yangi yil archasidan oʻzi bilmagan holda beruxsat 4 dona Pepsi ichimligini olgan. Shu bois savdo markazi qorovuli tomonidan ushlanib, navbatchi IIB xodimlariga topshirib yuborilgan. Bu voqea 2020-yil soat 02:15 da sodir boʻlgan.

Surushtiruvlar natijasida aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan video tasvirda aks ettirilgan mazkur savdo markazidagi oʻgʻirlik 2019-yil 31-dekabr kuni soat 22:40 da sodir etilgan.

Mazkur xolatlar solishtirilganda bu oʻgʻirlikka H.S.ning hech qanday aloqasi yoʻqligi ayon boʻldi .

H.S. ning oʻqishini, tartib-intizomini nazorat qilish sinf rahbari va maktab psixologi, uni futbol sport toʻgaragiga jalb etish, toʻgarak murabbiysi zimmasiga yuklatildi. Shuningdek, bu kabi noxush xolatlarning oldini olish uchun oʻquvchilar oʻrtasida tushuntirish, tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish lozimligi eʼtirof etildi.

 

Surxondaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati.

 

Share to: