“Maʼrifat” gazetasida “Bayram kunlari oʻqituvchilar navbatchilikka qoʻyilishi toʻgʻrimi? mazmunida savol chop etilgan. Ushbu savolga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz

“Maʼrifat” gazetasida “Bayram kunlari oʻqituvchilar navbatchilikka qoʻyilishi toʻgʻrimi? mazmunida savol chop etilgan. Ushbu savolga javoban quyidagilarni maʼlum qilamiz: 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 349-son qarorida: 

fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarini majburiy mexnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yigʻish, shuningdek boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarini zudlik bilan oldini olish va bunga chek qoʻyish; 

fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari oʻquvchilari va talabalarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy intizomiy choralar qoʻllanilishi belgilab qoʻyilgan. 

Demak, oʻqituvchilarni bayram kunlari navbatchilikka qoʻyish 2018-yil 10-maydan boshlab, Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qaroriga asosan bekor qilingan. 

Shuningdek, Mehnat kodeksining 130-moddasiga koʻra, dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi, ish beruvchining farmoyishi boʻyicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib, belgilangan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Bunda ularni dam olish kunlari ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228-, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi. 

Mazkur kodeksning 157-modda talablariga koʻra ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi. 

Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab, boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin. Xodimning iltimosiga binoan ish vaqtidan tashqari ish uchun belgilangan ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish soatlariga teng keladigan miqdorda otgul berilishi ham mumkin. Bayram yoki dam olish kunidagi ish yoxud ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun boshqa dam olish kuni berilgan taqdirda, bunday ishlar uchun kamida bir hissa miqdorda mehnat haqi toʻlanadi.

Share to: