IJF dasturi doirasida 40 ta maktabga tatami va kimonolar yetkazilmoqda

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF)ning “Maktablarda dzyudo” dasturi doirasida mamlakatimizning yigirmata umumtaʼlim maktabiga tatami va kimonolar taqdim etilmoqda.

“Maktablarda dzyudo” IJF loyihasi boʻlib, dasturning asosiy maqsadi 5-12 yoshli bolalarni dzyudo orqali ijtimoiy, taʼlimiy va jismoniy koʻnikmalarga oʻrgatishdan iborat.

Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) hamda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi mamlakatimizning yigirmata umumtaʼlim maktabida “Maktablarda dzyudo” dasturini amalga oshirishga kelishib oldi.

Hozirgi kunga qadar, “Maktablarda dzyudo” dasturi mamlakatimizning turli hududlarida joylashgan 20 ta maktabni qamrab olgan edi.

Joriy yilning 15-yanvarida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, IJF prezidenti Marius Vizer, Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov va Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev “Maktablarda dzyudo” dasturi boʻyicha hamkorlik bitimini imzoladi.

Mazkur bitimga asosan “Maktablarda dzyudo” dasturiga yana 20 ta maktabni jalb etish va ularning sonini 40 taga yetkazishni koʻzda tutilgan.

Kelishuv doirasida IJF Oʻzbekistonga har bir maktab uchun bittadan tatami va bolalar uchun 50 ta kimono taqdim etdi. Yaqin kunlar ichida tatami va kimonolar dastur doirasidagi maktablarga yetkazib beriladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahridagi ushbu maktablar qoshida tashkil etiladigan toʻgaraklarda jami 900 nafarga yaqin oʻquvchilarning dzyudo bilan muntazam shugʻullanishi taʼminlanadi.

Mazkur loyiha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning ikkinchi qismini amalga oshirishda oʻz hissasini qoʻshadi.

Eslatib oʻtamiz, besh tashabbusning ikkinchi yoʻnalishi yoshlarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirish, ularning sport sohasida qobiliyatlarini namoyon etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Share to: