Xalq taʼlimi vazirligining kengaytirilgan Hayʼat yigʻilishida taʼlim sifatini oshirish va maktablar reytingi masalalari tanqidiy tahlil etildi

Joriy yilning 22-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligida “Xalq taʼlimi vazirligi hududiy boshqaruv organlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligi hamda 2020-yil milliy reyting natijalari”ga bagʻishlangan hayʼat majlisi boʻlib oʻtdi.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, ushbu tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishda 2019/2020 oʻquv yili uchun maktablar reytingini aniqlash maqsadida 2019-yilning 3-oktyabrdan 18-dekabrgacha respublikamizning barcha tuman va shaharlaridan 992 ta umumtaʼlim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovnoma natijalari tahlil etildi.

Maktablar reytingini tuzishda 4 ta koʻrsatkich asosiy mezon sifatida joriy qilingan. Bular bitiruvchi oʻquvchilarning umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tayyorgarlik darajasi va sifat koʻrsatkichi, 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi, umumtaʼlim muassasasining oʻquvchilari va pedagog jamoasi oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma natijalari.

kvvfffff-2.jpg

Reyting natijalariga koʻra, hududlar reytingida eng yuqori oʻrinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egallagan boʻlsa, quyi oʻrinlarda Sirdaryo, Toshkent viloyati va Surxondaryo viloyatlari qayd etildi.

11-sinf bitiruvchilarining oʻqishga kirish koʻrsatkichlari boʻyicha Toshkent shahri (10,2%), Navoiy (10,2%), QQR (10,4%, Fargʻona (10,7%) va Buxoro (16,5%) viloyatlari peshqadam boʻldi.

9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan nazorat ishlarida jami 22769 nafar oʻquvchi qatnashdi va ularning 56.1%i ona tilidan diktantdan va 11.97%i matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi.

Oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi boʻyicha yuqori oʻrinlarda Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlari boʻlsa, quyi oʻrinlarda Samarqand, Surxondaryo va Jizzax viloyatlari maktablari aniqlandi.

Maktab oʻqituvchilari jamoasi bilan oʻtkazilgan soʻrovnomada jami 28707 nafar pedagog xodimlar qatnashdi. Ijtimoiy soʻrovnomalar TALIS-xalqaro tadqiqotlari savollari asosida oʻtkazildi. Bu oʻtkazilgan soʻrovnomalar oʻqituvchining professional faoliyatini tekshirishga imkoniyat berdi. Soʻrovnomada oʻqituvchilar oʻz kasbiy tayyorgarligi, pedagogik faoliyati, shaxsiy fikr-mulohazalari, maktab sharoiti haqida maʼlumot bergan.

Reytingga jalb qilingan maktablar roʻyxati umumtaʼlim muassasalari reytingini tuzish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan tasdiqlangan texnologiya asosida tanlab olish orqali shakllantirildi. Tanlov natijalariga koʻra, 186 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 806 ta oddiy maktab reyting roʻyxatiga kiritildi.

Maktab reytingini aniqlaydigan indikatorlarni yaratish jarayonida xorijiy tajribalar oʻrganilib, xususan AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Avstraliya, Shveysariya, Gollandiya, Kanada va Ukraina kabi davlatlarda umumtaʼlim muassasalari reytingini baholash metodikasi chuqur tahlil qilindi.

Reyting natijalarini tahlil qilish asosida sogʻlom raqobat muhitni shakllantirish, maktablarda taʼlim sifatini koʻtarish, oʻqituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish, umumtaʼlim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, past koʻrsatkich qayd etgan maktablarda taʼlim sifatini koʻtarish va kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha takliflar bildirildi.

Share to: