Xalq taʼlimi vazirligi “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasini eʼlon qiladi

Taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda boshqa hududlardan mahoratli oʻqituvchilarni jalb etish orqali taʼlim sifatini oshirishga erishish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasini eʼlon qiladi.

photo2021-04-0917-09-16.jpg

Xabaringiz bor, joriy yilning 11-yanvar kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga koʻra, 2021-yilning 1-martidan taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega oʻqituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar joriy qilinishi belgilangan. Unga koʻra joriy yilning 1-martidan boshlab oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar boshqa viloyatga borib ishlasa 100 foiz, boshqa tumanga borib ishlasa 50 foiz ustama belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taʼlim sifati past maktablar roʻyxati shakllantirildi va tasdiqlandi. Ushbu roʻyxatga oʻtgan oʻquv yilida taʼlim darajasi past boʻlgan (bitiruvchilari OTMga kirmagan, oliy va birinchi toifali oʻqituvchilari mavjud boʻlmagan hamda maktablarning Milliy reytingida past natija koʻrsatgan, davlat akkreditatsiyasidan attestatsiyadan oʻta olmagan) 1409 ta maktab kiritildi.

Oʻtgan yilgi “Ustoz-2020” tanlovini oʻtkazilganing ijobiy tajribasidan kelib chiqib, “Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasini amalga oshirish uchun ham “Oʻqituvchilar Assotsiatsiyasi” nodavlat tashkiloti jalb qilindi. Tanlovni shaffof va adolatli oʻtkazish uchun Assotsiatsiya ekspertlari jalb qilinadi.

photo2021-04-0917-09-17-2.jpg

Boshqa hududdagi taʼlim sifati past maktablarga borib ishlashni xohlovchi pedagoglar eng avvalo oliy yoki birinchi malaka toifasiga ega boʻlishi, kamida bir yillik pedagogik stajga ega boʻlishi kerak. Shundan soʻng, talabgor www.ustozfondi.uz elektron platformasida roʻyxatdan oʻtadi va ariza shaklini toʻldiradi. Ekspertlar tomonidan elektron ariza oʻrganib chiqilib, talabgor “ZOOM” dasturi orqali suhbatga taklif qilinadi. Suhbat davomida talabgorning faoliyatidagi yutuqlari, psixologik tayyorgarligi baholanadi. Baholash yakunlari boʻyicha ekspertlarning xulosalari joriy yilning 1-iyuniga qadar eʼlon qilinadi.

“Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasi boʻyicha tanlab olingan ustozlar keyingi oʻquv yilidan boshlab taʼlim darajasi yuqori boʻlmagan umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarga dars berishni boshlaydi.

“Yangi Oʻzbekiston ustozlari” loyihasining taqdimoti vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali Ochiq muloqot tarzida toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilib, oʻqituvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Share to: