Xalq taʼlimi vaziri Shveysariya elchisi bilan oʻquvchilarni kasbga tayyorlash tizimini rivojlantirish xususida fikr almashdi

Xalq taʼlimi vaziri Shveysariyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi janob Konstantin Obolenski bilan uchrashdi. Uchrashuvda mamlakatlar oʻrtasida xalq taʼlimi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga oid masalalar koʻrib chiqildi.

photo2021-09-2412-08-54-2.jpg

Maʼlumki, Shveysariya taʼlim tizimi Yevropa va Amerika taʼlimidagi eng yaxshi anʼanalarini oʻzida mujassam etgan oʻziga xosligi bilan ajralib turadi.

Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov ushbu uchrashuvning strategik ahamiyatini alohida taʼkidlab, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda Shveysariyaning muvaffaqiyatli tajribasi misolida koʻmak berishni taklif etdi. Shu bilan birga xalq taʼlimining hozirgi holati, amalga oshirilayotgan muhim loyihalar, shuningdek, dolzarb muammolar va ularni hal etish choralari haqida fikr bildirdi. Vazir qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda koʻrsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, taʼlim sohasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ham qayd etdi.

photo2021-09-2412-08-54-3.jpg

Muhokamalar davomida eng muhim mavzu — oʻquvchi-yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash tizimini rivojlantirishga eʼtibor qaratildi. Mazkur sohaga jiddiy eʼtibor qaratilsada, hanuzgacha qator muammolar mavjud boʻlib, sohani diqqat bilan oʻrganish zarurligi taʼkidlandi.

Asosiy muammo shundaki, xalqimizda oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirgan bitiruvchilar kasb-hunarni tanlagan yoshlarga qaraganda koʻproq muvaffaqiyatga erishadi, degan stereotip mavjud. Vazir taʼlimning ajralmas boʻgʻini sifatida vazirlikning ahamiyatini, shuningdek, bu stereotiplarni oʻzgartirishda uning muhim rolini qayd etdi.

photo2021-09-2412-08-54.jpg

Uchrashuv doirasida umumiy taʼlim maktablari oʻquvchilarining kasb-hunarga qiziqishini jalb etish uchun Shveysariya tajribasi asosida kasbga yoʻnaltirish kurslarini tashkil etishga kelishildi. Shuningdek, kasb tanlashda gender tenglik masalasiga yechim topish muhimligi taʼkidlandi.

Elchixona mutasaddilari qizlarni maktab yoshidan AKTga oʻrgatish uchun tajriba dasturini tashkil qilishni taklif qildi.

Bu loyihani amalga oshirish gender tenglik mavzusiga koʻproq eʼtiborni jalb etadi. Bu esa qizlarga masofadan oʻqish va boshqa AKT koʻnikmalarini oʻrganish, kelajakda uydan chiqmasdan ham munosib daromad topish imkoniyatini beradi.

Share to: